Bunday sinovlar odamlarning irodasini toblaydi...
Taʼbir joiz boʻlsa, vohamizda, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, iroda toblanadigan, tafakkur va temir intizom gʻalaba qozonadigan “ikkinchi front” ochildi.
Butun dunyo oʻziga xos sinov maydoniga aylangan ayni kunlarda Buxoroda, ayniqsa, uning Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh Olot va Qorakoʻl tumanlarida roʻy bergan tabiiy ofat barchamizni yana bir jiddiy imtihonga roʻbaroʻ qildi. Taʼbir joiz boʻlsa, vohamizda, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, iroda toblanadigan, tafakkur va temir intizom gʻalaba qozonadigan “ikkinchi front” ochildi.
Tabiat injiqliklarini yengib oʻtish, xalq turmush sharoitini avvalgi oʻzaniga qaytarish, yoʻqotilgan moddiy-maʼnaviy neʼmatlar oʻrnini toʻldirish oson boʻlmaganidek, bu iroda maydoni har birimizni chinakamiga toblashi, yangi kuch bagʻishlashi, ilgari ishga solinmagan zaxira imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga daʼvat etishi ham ayni haqiqat.
Tabiiy ofat munosabati bilan Prezidentimizning Buxoroga tezkor tashriflari, koʻrsatgan otalarcha gʻamxoʻrliklari nafaqat ofatdan zarar koʻrgan Olot va Qorakoʻl tumanlarida istiqomat qilayotgan yetti yoshdan yetmish yoshgacha har bir inson qalbiga, balki butun xalqimiz, mamlakatimizning olis goʻshalarida yashayotgan har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz hayajon va harorat bagʻishladi.
Hayot har doim bir tekis-baxtli, quvonchli boʻlmaydi. U baʼzan shiddatli, beayov, tasodiflarga boy, baʼzan tinch-sokin boʻlib, turli sinovlar orqali odamlarning irodasini mustahkamlaydi, sabr-toqatini sinaydi. Asrlar davomida taqdir sinovlariga takror-takror roʻbaroʻ boʻlgan xalqimiz ofatu kulfatlarni doimo birgalikda, hamjihatlikda yengib kelgan. Xalqimiz hamjihatlik naqadar qudratli kuchga ega ekanligiga joriy yilda 75 yilligi nishonlanadigan Gʻalabaga erishish asnosida, 1966-yildagi Toshkent zilzilasi, 1984-yildagi Buxoro va Gazli zilzilasi kunlarida qayta-qayta imon keltirgan.
Bugun ana shu yuksak insoniy fazilat Buxoroga otlangan fidoyilar gʻayrati misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bugun viloyatimizning ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan Olot va Qorakoʻl tumanlari oʻziga xos qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan. Uzoq-yaqin viloyatlar rahbarlari, mehnatkash xalqi, vazirlik va idoralar jamoalari viloyatimiz xalqiga yordamga oshiqmoqda. Yuzlab quruvchi-bunyodkorlar, xalq xoʻjaligining boshqa qator sohalari vakillaridan iborat koʻmak guruhlari, qudratli texnikalar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda viloyatdoshlarimiz bilan bir tanu bir jon boʻlib mehnat qilmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, biz, buxoroliklarga ushbu murakkab vaziyatda yordam berishga oshiqqan viloyatlar rahbarlariga, xalqiga, vazirlik va idoralar rahbar va mutasaddilariga koʻrsatayotgan doʻstona koʻmaklari, mehr-oqibatlari uchun barcha buxoroliklar nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Jonajon yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi ezgu faoliyatlariga zafarlar, oʻzlariga sogʻlik-omonlik tilayman.
Yaratgan barchamizga bugungi sinovli kunlardan eson-omon va yorugʻ yuz bilan oʻtishni nasib aylasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin. Ulugʻ ajdodlarimiz koʻzga surtgan jonajon yurtimiz, muqaddas shaharlarimiz obod, bunyodkor va matonatli xalqimiz doimo sogʻ-omon boʻlsin.
Karim Kamolov,
Buxoro viloyati xokimi vazifasini bajaruvchi