Bulutli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga amalga oshirgan xizmat safari doirasida “Oracle” kompaniyasining hukumat ishlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ellison O'Brain bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “O‘zbekiston–2030” raqamli transformatsiya strategiyasini amalga oshirish, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish hamda bulutli texnologiyalar bozorini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar bulutli xizmatlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, ushbu yo‘nalishda ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish va infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, bulutli texnologiyalarni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida keng joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliy startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
N.Rahmonova,
O‘zA