Bulung‘urda pomidor sayli
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida an’anaviy “Pomidor sayli” festivali o‘tkazildi.
Tumandagi fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalari bilan birga Samarqand viloyatining boshqa hududlaridan kelgan soha vakillari nafaqat pomidor, balki boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini namoyish etdi.
– Pomidor xalqimiz dasturxonining kundalik ajralmas ne’mati bo‘lish bilan birga viloyatimiz agrar tarmog‘i va eksport salohiyatini belgilab beruvchi strategik mahsulot, – dedi festivalda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Jabborov. – Viloyatimizda har yili yuz ming tonnalab sifatli va xaridorgir pomidor yetishtirilib, ichki iste’mol bozorini to‘ldirish bilan birga xorijga ham eksport qilinmoqda. Ayni paytda viloyatimizda pomidorni qayta ishlovchi 20 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda bu mahsulotni nafaqat sanoat asosida qayta ishlash, balki tabiiy usulda quritib, qoqi qilgan holda eksport qilish salmog‘i oshmoqda. Bu borada, ayniqsa, Bulung‘ur tumani fermer va tomorqachilarining tajribasi oshib bormoqda.
Bulung‘ur tumanidagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda har yili ming gektardan ortiq maydonda pomidor yetishtirilib, gektaridan o‘rtacha 350-400 sentnerdan hosil olinmoqda. Fozil Yo‘ldosh mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan, respublikamizning barcha hududlaridan, shuningdek, qo‘shni davlatlardan tashrif buyuruvchi fuqarolar uchun hamyonbop narxlarda pomidorning turli navlarni shuningdek, boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni xarid qilish imkonini beruvchi bozor faoliyat yuritmoqda.
– Joriy yilda tumanimizdagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomonidan ochiq maydonlarda pomidorning kasalliklarga chidamli, serhosil va eksportbop “Modera”, “Universal”, “Lamiya”, “Volgograd”, “Cherri” kabi navlari, shuningdek, zamonaviy issiqxonalarda hosildor “Dafnis” F1 va “Paradays” F1 duragaylari parvarishlanmoqda, – deydi Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astanov. – Yiliga o‘rtacha 40 ming tonnaga yaqin pomidor yetishtirilib, uning 40 foizi eksport qilinmoqda Shuningdek, hududda maxsus ixtisoslashgan pomidor bozori va logistika maskani tashkil etilgani qo‘shni viloyatlar va respublikamizning barcha hududlarini sifatli mahsulot bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilmoqda. Hozirda bu yerdan Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Buxoro, Farg‘ona vodiysi hamda janubiy viloyatlarga bir kunda o‘rtacha 400-500 tonna yangi uzilgan pomidor yetkazib berilmoqda. Biz bu boradagi faoliyatni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yib, “Bulung‘ur pomidori” brendini nafaqat mintaqamizda, balki xalqaro bozorlarda ham yuqori narxlarda sotiladigan va xaridorgir mahsulotga aylantiramiz.
[gallery-31520]
Festivalda Bulung‘ur tumanida yetishtiriladigan va o‘ziga xos ta’m hamda sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadigan mahsulotlarni keng targ‘ib qilish, ularning nufuzini oshirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Bulung‘ur kartoshkasi”, “Bulung‘ur pomidor qoqisi” va “Bulung‘ur kulchatoyi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingani ma’lum qilindi hamda bu haqdagi guvohnoma tuman hokimiga topshirildi.
Tadbir davomida dehqon va fermerlar, tadbirkorlar va logistika tarmog‘i vakillari o‘zaro fikr va tajriba almashdi. Xorijlik turistlar esa namoyish etilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Festival yakunida ishtirokchilar bir qator nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi va konsert dasturi namoyish etildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari