Bulung‘urda kuzgi mavsumda 414 ming tup ko‘chat ekiladi
Bugun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda ko‘chat ekish tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahar Bektemir tumanida, Toshkent halqa yo‘li bo‘yida yangi barpo etilayotgan bog‘da ko‘chat ekdi.
Mazkur tadbirning Samarqand viloyatidagi markazi Bulung‘ur tumani bo‘lib, Olmazor mahallasida barpo qilinayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi 2 gektar maydonga 1700 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ko‘chat ekish tadbirida viloyat hamda tuman, shaharlar sektorlar rahbarlari, hokimliklar mas’ullari, boshqarma va idoralar, korxona va tashkilotlar boshliqlari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
– “Yashil makon” umummiliy loyihasi mamlakatimizda keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat musaffoligini asrash borasidagi islohotlar natijasi, – deydi Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov. – Shuning uchun bugungi ko‘chat ekish, yangi bog‘ yaratish tadbiri “Yangi O‘zbekiston” massivida tashkil etildi. Besh-olti yil oldin bu yerlar ochiq maydon, hech qanday infratuzilma mavjud bo‘lmagan joy edi. Samarqand-Toshkent katta yo‘li yoqasidagi G‘o‘bdin massivi deb nomlanadigan hududda endilikda qariyb 24 gektar maydonda ko‘rkam shaharcha paydo bo‘ldi. Massivda 1204 xonadondan iborat 56 ta ko‘p qavatli uy, ikkita maktab, uchta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla binosi, oilaviy poliklinika, madaniyat uyi, kutubxona, masjid, sport maydonchalari, savdo markazlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilmoqda. Ayni paytda uylarning aksariyatida qurilish ishlari yakuniga yetib, aholi ko‘chib kirgan. Yangi massivga yangi bog‘lar yarashadi. Shu paytgacha 2,5 gektar maydonda “yashil bog‘lar” tashkil etilgan edi, bugun bog‘lar yana ham kengaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahorida tumanda hudud iqlimiga mos 963 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Jumladan, 3 gektar maydonda “Hokimlik bog‘i” va yashil bog‘lar tashkil etildi, 3,6 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari tortildi, 4 ta sug‘orish qudug‘i qazildi.
Kuzgi mavsumda 414 ming dona daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilib, hozir tumanning barcha hududlarida bu yumush qizg‘in bormoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari