Bulug‘urlik tadbirkorlar bilan uchrashuv
O‘tgan yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbari yurtimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvda ishbilarmonlarning ko‘plab muammo va masalalariga yechim topilgan va Prezidentimiz taklifi bilan bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish hamda 10 avgustni Tadbirkorlar kuni sifatida belgilash taklif qilingandi.
Ana shu taklif va tashabbuslar asosida bu yil mamlakatimiz tadbirkorlari ilk bor ushbu sanani bayram qiladi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda ushbu uchrashuvga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Tadbirkorlarning savol va murojaatlarini qabul qilish uchun tashkil etilgan shtablar hamda Sall-markazga bugungacha respublika bo‘yicha 7200 dan ortiq, Samarqand viloyatidan 736 ta murojaat tushgan.
Prezidentimiz joriy yilning 3 avgustida tadbirkorlar bilan muloqotga tayyorgarlik masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida tuman, shahar va viloyatlarda vazirlar va hokimlarning ishbilarmonlar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish topshirig‘ini bergandi.
Samarqand viloyati tumanlarida ham shu kunlarda shunday uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan ochiq muloqotda viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Mirzabekov, tuman hokimi Samandar Astonov va boshqa mas’ullar tadbirkorlarning faoliyatidagi to‘siqlar, ularni qiynayotgan masalalarni eshitdi. Asosan imtiyozli bank krediti, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalarida murojaatlar qayd etildi. Jumladan, “Bulung‘ur fruits” qo‘shma korxonasi aylanma mablag‘ uchun 500 ming dollar kredit olish, “Paradaise Gold” MCHJ bank kreditining to‘langan qismiga mos ravishda garovga qo‘yilgan korxonaga tegishli yer maydonini taqiqdan chiqarish va undan faol foydalanish, “Metin business fruits” MCHJ soliq ma’murchiligi borasida muammolarga duch kelayotganligini bildirdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan 18 ta murojat va 1 ta taklif bildirildi. Har bir murojaat shu joyning o‘zida soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganilib, ijrosi yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Respublika darajasidagi masalalar ro‘yxati shakllantirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA