bugungi o‘g‘il-qizlar kechagi emas (+video)
bugungi intiluvchan, tashabbuskor yoshlar, o‘g‘il-qizlar, bolalar katta-katta marralarni ko‘zlayotgan, zamonaviy bilimlarni tezkorlik bilan o‘zlashtirayotgan avloddir.
Ularga shunchaki saboq berib bo‘lmaydi. O‘qituvchi o‘z ustida ishlamasa, yangiliklarni o‘rganmasa, o‘quvchilaridan bir qadam oldinda yurmasa natijaga erishib bo‘lmaydi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ular “Bizga kechagi kun ta’limi kerak emas” degan talabni qo‘yyapti. Bu esa soha xodimlaridan yanada ko‘proq mas’uliyat, harakat, mehnatni talab etadi.
Intiluvchi bolalarga mos bilimga ega bo‘lish uchun pedagoglarga ham imkoniyatlar berilib, shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi mutasaddilari va o‘qituvchilar bilan muloqotda: “Bugun kechagidek dars berishni qabul qilib bo‘lmaydi. Buni ota-onalar ham o‘quvchilar ham qabul qilmaydi. Ota-onalarning ham mas’uliyatini oshirishimiz kerak”, dedi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QxhDI34ghF8" title="bugungi o‘g‘il-qizlar kechagi emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvardagi qarori bilan Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish, ulardagi kasb mahorati va malaka saviyasining doimiy o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy talablarga muvofiq qayta tayyorlash, muntazam ravishda malaka oshirib borishning samarali mexanizmlarini joriy etish asosida xodimlarning yuqori saviyadagi uzluksiz kasbiy tayyorgarligini ta’minlash belgilangan.
Vazifalar ijrosi doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori va maktab o‘qituvchisining kasb standarti ishlab chiqildi, amaliyotga joriy etildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 maydagi “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti qayta tashkil etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mazkur milliy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va tayanch doktorantlari, stajyor tadqiqotchilari soha taraqqiyoti yo‘lida, yangiliklarni o‘rganish va tatbiq etish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 2021/2022 o‘quv yilida qabul qilingan magistrlarning 26 nafari o‘z ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2022 yil uchun “Ta’limda menejment” ixtisosligi bo‘yicha 10 nafar tayanch doktorant, 9 nafar mustaqil izlanuvchi, 2 nafar stajyor-tadqiqotchi qabul qilindi.
Bundan tashqari o‘tgan bir yil davomida maktab direktorlarini tanlash va tayinlashda amaliy ko‘mak beruvchi “Maktabda boshqaruv“ nomli uslubiy qo‘llanma, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun “Science” fanlarini o‘qitish bo‘yicha metodik qo‘llanma, 2021/2022 o‘quv yili uchun “Xalq ta’limi raqamlarda”, “Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini to‘garak faoliyatini takomillashtirish, jamoat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik mexanizmini rivojlantirish” nomli risolalar tayyorlandi.
O‘tgan yil davomida 473 854 nafar o‘qituvchining yetti kompetensiya bo‘yicha malakasi oshirilib, kasbiy salohiyati 53,4 foizdan 85 foizga ko‘tarildi, shuningdek, 8 ta kompetentlik asosida 7228 nafar maktab direktorining malakasi oshirilib, ularning bilim ko‘nikmalari 44,3 foizdan 88,4 foizga oshdi.
Muhim jihati, platformadan foydalanishda ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan 24/7 formatdagi telegram guruh orqali 250 000 dan ortiq pedagoglarga ko‘mak berildi. Ushbu guruhda pedagoglar bilan jami 704 000 yozishma almashilgan.
Tajribada ilk bor 755 nafar maktab o‘qituvchisi nodavlat ta’lim tashkilotlarida malaka oshirdi. Shuningdek, “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali mustaqil ta’lim shaklida – 210 638 nafar hamda Muqobil malaka oshirish shakli bo‘yicha 14 000 nafarga yaqin pedagog xodimlar malaka oshirgan.
Kembrij tajribasiga asoslangan o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bo‘yicha sayyor o‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida 561 nafar trener tayyorlandi va respublika bo‘yicha 2034 ta maktabning 101 199 nafar pedagog xodimning malakasi oshirildi.
Yurtimizda xorijiy tillarni o‘qitish, xorijiy til o‘qituvchilari malakasini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Yozgi ta’til” dasturi asosida yuz nafar ingliz tili fani o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.
Xalq ta’limi xodimlarining shaxsiy kasbiy salohiyatining individual va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda hayot davomida o‘sishi jarayonini qamrab olgan, kompetentlik darajasini oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish mexanizmi hisoblangan “Uzluksiz kasbiy rivojlanish-2022” loyihasi doirasida 22 ta fan bo‘yicha 1068 ta kontent materiallari tayyorlandi va elektron platformaga joylashtirildi.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirish (malaka oshirish) kurslari uchun 33 ta fan yo‘nalishining kontenti, jumladan, 1120 ta ma’ruza, 1120 ta taqdimot, 1120 ta videodars, 7840 ta qo‘shimcha adabiyotlar, 7308 ta test topshiriqlar yaratildi va elektron platformaga joylashtirildi. Malaka oshirish kontentini yaratishda ilk bor xorijiy va mahalliy xususiy sektor vakillari jalb etildi va shu asosida 291 ta video kurs yaratildi.
A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti 2023 yilda “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasining mobil ilovasini ishlab chiqish, o‘qituvchilarning malaka toifasini ko‘tarishga ko‘maklashuvchi attestatsiyaga tayyorlovchi maqsadli onlayn kurslarni yaratish, toifaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini diagnostikadan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun ijtimoiy-gumanitar va tabiiy fanlardan yangi metodikalar bo‘yicha metodik qo‘llanmalar yaratish, maktablarda ta’lim sifatini oshirishga va sinflarni ixtisoslashtirishga qaratilgan namunaviy variativ o‘quv rejalar ishlab chiqish va to‘plam shaklida nashr etish, yuqori malakali psixologlar ishtirokida 5-, 7-, 9-, 11-sinflar kesimida kasbiy diagnostika materiallari (anketa, test, trenajyorlar)ni ishlab chiqish ham belgilangan. Sun’iy intellekt (AI) yordamida ma’lumotlarni olish va prognoz qilishni tashkillashtirish, maktablarda sun’iy intellektni o‘qitish metodlarini ishlab chiqish, Lesson study metodologiyasini umumta’lim maktablarida targ‘ib qilish, ushbu metodika asosida darslarni tahlil qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, Yaponiyaning Nagoya universiteti bilan hamkorlikda “Yaponiyada ta’lim tizimi va uni boshqarilishi” nomli o‘quv qo‘llanma yozish va umumta’lim maktablariga tarqatish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, UNESCO xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda hududiy milliy markazlarida STEM yo‘nalishi bo‘yicha laboratoriyalar tashkil qilish va mutaxassislarni qayta tayyorlash yo‘lida amaliy ishlar boshlangan.
Ta’lim sohasini chuqur isloh qilish, sifatni oshirish, xalqaro tajriba asosida yangidan tashkil etishga qaratilgan sa’y-harakatlar tizimni yangi bosqichga olib chiqadi. O‘zbekiston bunyodkori bo‘lmish yoshlarga ta’lim-tarbiya beruvchi ustozlar eng ilg‘or ta’lim dasturlari asosida chuqur bilim olib, mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘maklashadi.
B.Meliqulova, O‘zA