bugungi nihollar – ertangi go‘zal hayot manbaidir
Inson hayotida daraxtlarning, yashillikning ahamiyati katta. Atrofdagi tabiat karbonat angidridni kislorodga aylantirib beradi, chang-to‘zonni kamaytiradi, issiq kunda haroratni mo‘’tadillashtiradi. Daraxtlarning boshqa foydali xususiyatlari, afzalliklari ham juda ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan qo‘mitaga yuklangan vazifalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Qayd etilishicha, joriy yil 2 noyabr – 10 dekabr kunlari butun mamlakat bo‘ylab daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri o‘tkazilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning tavsiyasiga asosan, hududlarda ekish uchun 27 turdagi daraxt ko‘chatlari taklif etilmoqda. Daraxt ko‘chatlari qaysi hududga mos kelishi olimlar xulosasi asosida har bir tumanning shart-sharoitini hisobga olgan holda tanlanadi. Bunda har bir viloyatning iqlimi va tuproq tarkibi inobatga olingan holda kashtan, oqqayin, eman, yapon saforasi, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, terak, akatsiya, chinor, tut, jiyda, yong‘oq, behi, uzum, qrim qarag‘ayi va virgin archasi kabi daraxt ko‘chatlari ekilishi mumkin. Nihollarning unib ketishiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Xususan, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida – 16 million tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘onada – 15 million tupdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda – 14 million tupdan ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, viloyatlar uchun muayyan kvota tariqasida belgilangan 14-16 million donadan ko‘chatni e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”da ekib bo‘lish shart emas. Bu jarayon kelasi yil bahorida ham tavsiya etilgan muddatlarda izchil davom ettiriladi. Bunda har bir hudud kuzda va bahorda qancha ekilishini o‘ziga aniq reja qilib olgan.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga ham daraxtlar ekiladi.
Ozod Rajabovning ta’kidlashicha, qo‘mitaning daraxt 2020.uz elektron platformasi barcha viloyatlarda tashkil etilayotgan “Yashil makon” umummiliy loyihasini amalga oshirish shtabi bilan integratsiya qilinadi. Ekilayotgan daraxtlar hisobi onlayn tarzda yuritilib, shaffoflik ta’minlanadi. Bu platformani takomillashtirish ishlari nihoyasiga yetishi bilan undan istagan kishi foydalanishi, kiritilayotgan ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.
Qo‘mita mutasaddilaridan iborat ishchi guruh joylarda ekishga kirishilgan qalamcha va ko‘chatlar hamda 2-3 yoshli nihol va butalar o‘tqazilishining hisobini alohida yuritish barobarida mavjud daraxtlarning aniq xatloviga, tegishli tashkilotlar hamkorligida yashil hududlarning elektron xaritasini yaratishga kirishadi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan maqsad yashil makonlar barpo etish. Zotan, bugungi nihollar – ertangi toza havo, demakki, go‘zal hayot manbaidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA