Bugungi kun yoshlari – ertangi kun yetakchilari
Yoshlar bandligini ta’minlash, ayniqsa oliy ta’lim muassasalarini yakunlayotgan bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan band qilish – mamlakat rivoji va ijtimoiy barqarorlikning muhim asosi.
Shu maqsadda mamlakatimizda bitiruvchi talaba-yoshlar bilan tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.
Respublika bo‘ylab bitiruvchi talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” seminar-treninglari hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
[gallery-24247]
Uchrashuvlar davomida bitiruvchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, ularning kasbiy qiziqishlari, istiqboldagi rejalari, duch kelayotgan muammo va to‘siqlari o‘rganilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi hamda 50 dan ziyod xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bitiruvchi-yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan uchrashuv va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ana shunday muhim amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.
—Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va real ish imkoniyatlarini yaratishdan iborat, — deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sultonali Mehmonov.— Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash faqatgina ta’lim muassasalarining emas, balki butun jamiyatning dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Yosh mutaxassislarga ishonch bildirish, ularga munosib shart-sharoit yaratish orqali nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki mamlakat taraqqiyotiga ham hissa qo‘shiladi. Tizimli yondashuv orqali har bir bitiruvchi o‘z o‘rnini topishi mumkin.
Uchrashuvda soha vakillari va mas’ul mutasaddilar tomonidan talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, kasbga yo‘naltirish va bandlik masalalari muhokama qilindi. Tadbir doirasida bitiruvchi kurs talabalari uchun muvaffaqiyatga erishgan taniqli tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” motivatsion seminar-treningi hamda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, bitiruvchilarga real ish takliflari taqdim qilindi.
Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida yoshlarga biznesni boshlashga ko‘maklashish bo‘yicha moliyaviy va huquqiy maslahatlar berildi. Amaliy tavsiyalar va ishga joylashish imkoniyatlari bo‘yicha tegishli axborotlar taqdim etildi.
Tadbir bitiruvchi-yoshlarning mehnat bozoriga munosib kirib borishi uchun ta’lim va ish beruvchilar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Unda bildirilgan taklif va tashabbuslar, tizimli ish bilan ta’minlashni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Zero, bugungi kun yoshlari – ertangi kun yetakchilari. Ularga ko‘mak berish, imkoniyat yaratish va yo‘l ko‘rsatish – bu jamiyat taraqqiyotiga eng katta sarmoya.
Nigora Rahmonova,
Oybek Pardayev (surat)
O‘zA