Bugun hayotni qayta idrok etish imkoni bor
Darhaqiqat, ana shunday chiqishlarning birida toʻgʻri taʼkidlanganidek, “endi dunyomiz biz koʻnikkan koʻrinishda boʻlmaydi”.
Bugungi vaziyat bizning kundalik turmush tarzimizga avval kuzatilmagan oʻzgarishlar – karantin bilan bogʻliq holatlarni joriy etgan boʻlsa-da, boshqa tomondan tafakkurimizning tiniqlashishiga, hozirga qadar yashagan va bundan keyin kelajak kunlarimizni jiddiy tahlildan oʻtkazishga imkon ham yaratdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimiz va dunyoda yuz berayotgan birorta jiddiy voqea-hodisa, oʻzgarish va evrilishlar atroflicha tahlillarsiz, erkin hamda qizgʻin muhokamalarsiz qolmayapti. Bu esa xalqimizning mazkur voqea-hodisalar xususida koʻproq, batafsilroq, eng muhimi – toʻgʻri va asoslantirilgan maʼlumotlardan bahramand boʻlishiga yoʻl ochyapti, kishilarimiz oʻzining yurt va dunyo taqdiriga daxldorligini chuqurroq anglab boryapti.
Darhaqiqat, ana shunday chiqishlarning birida toʻgʻri taʼkidlanganidek, “endi dunyomiz biz koʻnikkan koʻrinishda boʻlmaydi”.
Hozirgacha oʻrganib qolganimiz – pandemiyadan oldin kechgan hayotimizning qator manzaralari ham ancha tinib, ravshanlashgan xotiramizga qalqib chiqmoqdaki, ularni jiddiy tahlil va tahrirdan oʻtkazmaslikning iloji yoʻq. Ochigʻi, bunday noxush manzaralar sanogʻining oʻziga anchagina vaqt va joy kerak boʻlishi ham bor gap. Shu tufayli, bugun ularning ayrimlarini eslash bilan kifoyalanamiz.
Azaldan jamiyatning mustahkam tayanchi boʻlib kelgan oilaviy hayot masalalariga bepisand qarash, oilaviy mojaro va ajrimlarning haddan ziyod koʻpayib ketgani mana shunday ogʻriqli nuqtalarimizdan biridir. Ayrim er-xotinlarning bir-biriga xiyonati, xufiyona nikoh oʻqitib yashashlar, kuni kecha ne-ne ahdu paymon qilganlarning arzimagan dunyoviy matohlar uchun oʻzaro qirpichoq boʻlishlari, oʻylamay-netmay valjirayotgan ogʻizdan chiqib ketgan “taloq”lar va uning oqibatida kun sayin safi oʻsib borgan jajjigina oʻksik qalblar... Er oʻz xotinini, xotin esa erini oldin hech qachon koʻrilmagan vahshiyliklar bilan oʻldirishlari...
Goh onasining, goh singlisining, ayrimlari esa hujralarda biqingan “ustozi komil”ining, koʻpchiligi hatto choyxonadagi maishatda ichib olib aql oʻrgatgan, aslida oʻzi oddiygina farosatdan bebahra oshnasining gapiga kirib guldek xotinini kunora kaltaklaydigan, shu bilan erkakligini “isbotlash”ga urinib yurgan kimsalar qilmishidan jamiyatimiz yana qancha aziyat chekishi kerak?
Bular siz-u bizni oʻylatishi kerakmi, yoʻqmi? Yo yana oʻsha holicha, qanday boʻlsa shundayligicha davom etaverishi lozimmi? Koʻp masalalar qatori bu borada ham, nihoyat, oʻzimizga kelishimiz, qilmishlarimizni qayta idrok etishimiz mavridi kelgandir balki!?
Aytishlaricha, Xitoyning karantindan chiqqan ayrim hududlarida oilaviy ajrimlar nihoyatda koʻpaygan emish. Balki shundaydir, boʻlsa bordir. Binobarin, hamma joy va xalqning oʻz eʼtiqodi, turmush tarzi, yashashdan maqsad-muddaosi borki, ularga qozilik qilishga shaxsan menda na-da imkon, na-da ishtiyoq bor. Biroq nazarimizda, xalqimiz, oʻzbek jamiyati bu borada boshqacha – ijobiy oʻzgarishlarni zimmamizga olib chiqishimiz kerak, hatto shart ham!
Siz-u bizning oʻzaro talashayotgan narsalarimiz, oʻzimizning haqligimizni daʼvo qilib keltirayotgan vajlarimiz oʻrtada jovdirab qolayotgan norasidalarimizning koʻzida ilinib turgan bir tomchi achchiq yoshga arziydimi?!..
Ikkinchi masala – Alloh inʼom etgan neʼmatlarning isrofi.
Birgina umr, vaqt neʼmatini olaylik. Uni nimalarga, ne koru holga sarflab ado qilamiz. Soatlab televizor qarshisida yoxud ijtimoiy tarmoqlarda oʻtirishimiz, u yerlarda koʻrib, eshitayotganimiz har jihatdan zararli tomosha va “maʼlumot”lar, ishxona yoxud mahalla-koʻyda “tilning chigilini yozish uchun” qiladigan, aslida koni gunoh boʻlgan gʻiybatbozliklar, deyarli har kuni chiqib turadigan, “bormasak hech boʻlmaydi”gan mehmondorchilig-u toʻy-maʼrakalar...
Umrimizning asosiy qismi sovurilib borayotgan bu manzillarda balki qornimiz, yomon nafsimiz, badanimiz va diydamiz toʻyib-toʻlib borayotgandir, lekin qalbimiz-chi, ruhiyatimiz-u iymonimiz-chi? Ular ne koʻyga tushmoqda, qanchalar qaqshamoqda, qurib, bitib bormoqda?
Nima qilamiz? Ertaga – karantin bekor boʻlgandan keyin ham boyagi – bizni kutib boʻshab qolgan “nafsu ammora” manzillarini yana toʻldiramizmi, bosh-oyogʻimiz bilan yana oʻshalar ogʻushiga tashlanamizmi? Umrning qolgan qismini ham shu koru holga sarflab bitiramizmi?
Agar shunday qilsak, kim bizdan rozi boʻladi-yu,bizni alqaydi: Yaratganmi, ota-onalarimizmi, millatimizmi yoki tarixmi? Agar shunday qilsak, biz qachon odam, qachon xalq boʻlamiz? Kelajak avlodlar bizga qanday baho beradi? Umuman, bu avlodlar ham oq-qoraning farqiga boradigan, nimagadir baho bera oladigan darajada yetilmogʻining kafolati ham bizning oʻzimiz emasmi?..
Bular – oʻrtaga qoʻyishgina oson boʻlgan savollar, muammolar. Ularga berilajak javoblar esa oson emasligini ham hamma yaxshi bilib, idrok etib turibdi. Biroq bu savollarga, albatta, javob berilishi kerak, boshqa iloj yoʻq. Nazarimda, mana shu javoblarning qanday boʻlishi xalqimizning, millatimizning kelajak oʻn yilliklardagi, balki yuz yilliklardagi ahvolini koʻp jihatdan belgilab beradi.
Bugungi holatdan men oʻzim uchun muayyan xulosalarni chiqarishga, hayotimning, oʻy-fikrlarimning, qarashlarimning koʻp jihatlarini tahrir qilishga majbur boʻldim. Sizchi?
Gulnora NOSIRXOʻJAYEVA,
falsafa fanlari nomzodi.