Bugun — butunjahon OITSga qarshi kurash kuni
Har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi.
OIV infeksiyasi hozirgi kunning global muammolaridan biri sanaladi. Kasallik epidemiyasi boshlangandan buyon dunyoda 75 milliondan ortiq odam ushbu infeksiya bilan xastalangan. Shudan ham ko‘rinib turibdiki, OIV va OITSga qarshi butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi tomonidan oxirgi yillarda barcha yo‘nalishlarida sezilarli natijalarga erishilmoqda. 2019-2020 yillarda Respublikamizning 2 ta yirik shahri — Toshkent va Samarqand OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va aholi sog‘lig‘ini yaxshilash to‘g‘risidagi “Parij deklaratsiyasi” deb nomlanadigan butunjahon tashbbusiga qo‘shildi.
OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli — retrovirusga qarshi davolash usuli bo‘lib, yurtimizda bemorlarning 75 foizdan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan. JSSTning “OIV aniqlanishi bilan davolashni boshlash zarur” degan tavsiyalari asosida bugungi kunda me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Joriy yilda vatanimizga qaytgan 158 ming 448 nafar mehnat muhojirlarining 80 foizga yaqini OIVga tekshiruvlar bilan qamrab olindi va infeksiya aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olindi.
Mamlakatimizda JSST tavsiyalariga muvofiq, OIV infeksiyasi onadan bolaga yuqishining oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, har yili o‘rtacha 600 ming homilador ayollar OIVga tekshiriladi. Infeksiyali ayollardan tug‘ilgan chaqaloqlarga xastalik yuqishining oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi dorilar o‘z vaqtida berib boriladi.
Onasi chet davlatlarda bo‘lib, faqat tug‘ish vaqtida O‘zbekistonga kelgan yoki shifokorlarning tavsiyasiga amal qilmagan hollarda chaqaloqlarning kasallikni yuqtirib olishini kuzatish mumkin. Infeksiya onadan bolaga o‘tishining oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi joriy etilgan profilaktika samaradorligi 95 foizdan ziyod darajani ko‘rsatmoqda.
OIV infeksiyasini respublikamizda tarqalishining oldini olish maqsadida YUNISEF, YUNFPA kabi halqaro tashkilotlar bilan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, bu yil butunjahon OITSga qarshi kurash kuni shiori “Tengsizlikka barham berish. OITSni tugatish. Pandemiyani to‘xtatish” deb belgilandi.