Bugun bozorlarimizda nima tanqis?
Shu kunlarda aksariyat yurtdoshlarimiz vaqtini uyda, oilasi, yaqinlari davrasida oʻtkazyapti.
Shu kunlarda aksariyat yurtdoshlarimiz vaqtini uyda, oilasi, yaqinlari davrasida oʻtkazyapti. Bir guruh fuqarolarimiz esa masofadan turib onlayn rejimida faoliyat yuritishmoqda. Transport qatnovlari cheklangan. Bu holat esa, tabiiyki, joylarda ayrim turdagi mahsulotlar narx-navosiga taʼsir koʻrsatyapti.
Shu sababli Oʻzbekiston isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi har kuni ichki bozorlarda sotilayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlar narxlarini oʻrganib boryapti.
Xususan, federatsiya axborotiga koʻra, 31-mart holatiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida spirtli dezinfeksiyalovchi (antiseptik) vositalarda taqchillik mavjud. Qoraoʻzak, Chimboy, Nukus, Qonlikoʻl, Beruniy, Toʻrtkoʻl tumanlarida haligacha mazkur mahsulotlar sotuvda mavjud emas.
Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida esa sarimsoq piyoz karantingacha boʻlgan davrdagidan ham qimmat, yaʼni 100 000 soʻmdan sotilmoqda. Viloyat bozorlarida kartoshka narxi ham sezilarli oshgan.
Jizzax viloyatining Zomin, Arnasoy va Yangiobod tumanlaridagi dorixonalarda haligacha tibbiy niqob (maska)lar sotuvida ijobiy natija yoʻq. Mazkur hududlarda tibbiy niqob (maska)lar tanqisligi kuzatilyapti.
Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrida tibbiy niqob (maska) va spirtli dezinfeksiyalovchi (antiseptik) vositalar sotuvda mavjud emas. Shuningdek, viloyat bozorlarida mahalliy oliy navli un savdoda yoʻqligi aniqlandi.
Binobarin, Toshkent shahrining Uchtepa va Yashnobod tumanlaridagi dorixonalarda tibbiy niqob (maska) va spirtli dezinfeksiyalovchi (antiseptik) vositalar bugungi kun holatida sotuvda mavjud emas. Shuningdek, shahar bozorlarida “Elga xizmat” savdo rastlarida 1200 soʻmdan kartoshka sotilishi taʼminlanmoqda. Ammo uning sifati yuzasidan isteʼmolchilardan eʼtiroz tushmoqda. Kartoshka juda mayda. Bozor hududidagi asosiy rastalarda esa kartoshka mavjud emas. Yoki ayrim tadbirkorlar tomonidan yashirin ravishda, 7000 soʻmgacha boʻlgan narxda sotilmoqda. Shaharning baʼzi oziq-ovqat doʻkonlarida (massiv va dahalar ichidagi) 1 kilogramm kartoshka bahosi 8000 soʻm. Sababi soʻralganda, ular “Qoʻyliq bozoridan 5500 soʻmdan ulgurji narxda sotib olishganligini maʼlum qilishgan.
Shu sababli arzonlashtirilgan tartibda sotilayotgan koʻchma rastalarni koʻpaytirish, ularda sotilayotgan kartoshka sifatini yaxshilash kerak, deb xulosa qiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi.