Bugun bo‘sh o‘tiradigan davr emasligini hamma his qilib bo‘ldi
Demokratiyaning oddiy talabi bo‘lgan davlat qurilishi sohasida bugun xalq o‘zi ishtirok etmoqda.
Xususan, Harakatlar strategiyasining o‘zi aynan xalq ishtirokining yaqqol samarasi bo‘ldi.
Shuningdek, kun mavzusini saylovga ham bog‘lash o‘rinli bo‘lardi. «Yangi O‘zbekiston: yangi saylovlar» formatidagi vakillik organlariga bo‘lajak saylovdan O‘zbekiston professional parlament shakllanishini, unda o‘z kasbining ustalari, fidoyilari xizmat qilishini kutyapti. Bu har birimizdan o‘zining badalini talab qiladi. Bu badal – mening, oila a’zolarimning, jamoamning, har birimizning bir ovozimiz (aktiv saylov huquqimiz) va ertaga ushbu ovozning munosib javobidir. Zero, deputatning asosiy vazifalari: qonun ijodkori bo‘lishi; nazorat-tahlil faoliyatini olib borishi, saylovchilar bilan, elektorat bilan ishlashi lozim ekan, shunday gap bor: «chumchuq so‘ysa ham, qassobi so‘ysin». Ha, aynan qassobi, qassob emas...
Konstitutsiya bergan imkoniyatni har bir shaxsning, oilaning mulkdor bo‘lishida, tadbirkor bo‘lishida ko‘ramiz. Bugun bo‘sh o‘tiradigan davr emasligini hamma his qilib, o‘zidan o‘tkazib bo‘ldi.
Tadbirkorlikka shunchalar tashkiliy-huquqiy, moddiy-ma’naviy sharoitlar yaratildiki, faqat mehnat qilish, izlanish, sohaga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni olib kirish payti keldi. Ha, bugun hech mubolag‘asiz aytish mumkin, harakat qilgan ish odamlari yashash ishqi, mehnat zavqi, manfaatdorlik va minnatdorlik bilan yashamoqdalar. Imorat qurmoqdalar, to‘ylar, ma’raka-majlislar qilmoqdalar. O‘g‘il-qizlari institut, universitet va akademiyalarga kirmoqda, xorijda o‘qimoqda va ishlamoqda.
Ha, yana bir mulohaza. Keng ko‘lamli o‘zgarishlar saylovoldi partiyalararo debatlarda bong urilayotganidek, ta’lim tizimida ham ketmoqda. Sohaga yangi tartib-taomillar, boshqaruv prinsiplari, zamonaviy shakldagi tuzilmalar – davlat-xususiy sherikligi asosiga qurilgan maktabgacha ta’lim muassasalari, Prezident maktablari, ilg‘or xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari paydo bo‘ldi va ular amalda muvaffaqiyatli ishlamoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim tizimiga raqobat muhiti kirib kelmoqda.
DAVR TALABI
Darhaqiqat, ta’lim tizimida yuqori sifat samaradorligiga erishish butun jamiyat muammosidir. Ertangi kun egalari, modomiki, bugun maktab partalari va oliy ta’lim dargohlarida ekan, ularni tarbiyali, tadbirli, ochiq ko‘zli, siyosiy hushyor, vatanparvar, har bir jabhada o‘zining fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan inson qilib tarbiyalash, hech mubolag‘asiz, ta’lim xodimlari (rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va yordamchi personallar)dan yuksak bilim, kasbiy mahorat-malaka va kompetensiyani talab qiladi.
Bu esa, tabiiyki, zanjirning bir tomonida bo‘lgan ushbu ijtimoiy qatlamning egallab turgan lavozimi va motivatsiyasiga uzviy bog‘liq. Toki, jamiyatda «o‘qituvchi» degan nom o‘zining munosib sharafiga, sha’niga ega bo‘lmas ekan, bunday holda samarali natijani kutish mushkul. Shu ma’noda el muhokamasiga tashlangan «O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi qonunni maromiga yetkazish, qabul qilish, tasdiqlash va kuchga kiritish mavridi keldi.
Zamonaviy, yangi davr talabidagi oliy ta’lim muassasalari (shu jumladan, xorijiy hamkorlar bilan) tashkil topmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar fuqarolarimizda tanlov kengayishiga, bilim olishni real ehtiyojga aylantirishga, bitiruvchilarning professionalizmiga, pirovardida, ta’lim muassasalarining xalqaro elita reytinglarga kirib borishiga xizmat qiladi.
Ha, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosatida: davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanish yotadi.
Binobarin, respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
Konstitutsiyamizda mustahkamlangan «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi», degan qoidasi haqida ham ikki og‘iz so‘z. Qariyb o‘ttiz to‘qqiz oylik oxirgi milliy davlatchiligimiz tarixida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor: yurtimizda uzoq yillardan beri yashab kelayotgan «fuqarolarimiz»ga – O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti berildi, yuzlab fuqarolarimiz nohaqlik azobidan qutildi – reabilitatsiya qilindi (oqlov hukmi e’lon qilindi), «maxsus hisoblar»dan chiqarildi. Fuqarolarimiz, bolalarimiz Suriyadan, Iroqdan – olov o‘choqlaridan olib kelindi... Fuqarolik pasportimizda qayd etilganidek, «pasport O‘zbekiston Respublikasi mulkidir. Ushbu pasportning egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir».
Shu Vatanda yashash, shu yurtda ishlash, uning bir bo‘lagi bo‘lish, uning obro‘yiga obro‘ qo‘shish, bu – faxr-iftixor, bu – mas’uliyat, bu – shukrdandir. Yangilikka, yaxshilikka intilib yashashni, islohotlarning yonida va atrofida emas, balki uning faol ishtirokchisi bo‘lish, vatanparvar, eng so‘nggi yangiliklardan boxabarlikni, qarorlar qabul qilishda mustaqillikni, insoniylik va kasbiy e’tiqod bo‘lishi shartligini, kim bo‘lmaylik, qayerda bo‘lmaylik, «men – o‘zbekistonlikman», deya halollik, mas’uliyat va kompetentlikda yashashni, hayot kurashlardan iboratligini, «kim edigu, kim bo‘ldik?» degan savolni mudom eslab turishimizni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyaning har bir normasi real vaqt rejimida ishlamoqda, amal qilmoqda. Uni ishlatadigan ham, unga amal qiladigan ham o‘zimiz. Bu kabi yutuqlarni ko‘plab davom ettiraverish mumkin.
Mukammal Konstitutsiya millatni birlashtiruvchi, uni yagona maqsad – taraqqiyot va yuksalish sari safarbar etuvchi hujjat sanaladi. Uni harakatlarning, barqaror taraqqiyotning dasturi, deyish mumkin. Bundan 30 yil avval xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Ushbu hujjat o‘tgan yillar davomida erkin va ozod, tinch va osoyishta hayotimizning qonuniy kafolati, huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qildi. Uning asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi.
1992 yil 8 dekabr kuni Davlatimizning yuzi, pasporti – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Konstitutsiyamiz o‘z tuzilishiga ko‘ra, muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingandan beri unga o‘n to‘rt marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Bugun esa jamiyatimiz yanada mas’uliyatli vazifa – amaldagi Konstitutsiyani isloh qilishdek tarixiy voqelik arafasida turibdi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqilgan hamda loyihalar muhokamasida butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakat taraqqiyoti, uning kelajagiga daxldor ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirilgan. Xalqimizning siyosiy jarayonlarda faolligi oshgani sari jamiyat taraqqiyoti mustahkamlanaveradi.
M.Ibrohimova, «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi
ijrochisi