“Bugun bekorga jang qilmaganimizni anglab yetdim”
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushining dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, janggohlarda Vatan ozodligi uchun qon kechgan qahramonlar bu haqda qancha so‘zlasa ham biz, bugungi avlod vakillari urushning xalqlar boshiga solgan mislsiz azoblarini tasavvur qila olmaymiz. Yaxshiyamki, o‘sha mash’um voqealarning tirik guvohlari oz bo‘lsada oramizda bor. Ularning samimiy suhbatlari, hikoyalari orqali urush haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush qatnashchilari xonadonlariga borar ekanman, yangi bir hikoya eshitish ilinjida oshiqaman, ammo bu xotiralar ular uchun qiyin va azobli ekanini ham bilaman.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Dodiq MFY O‘rtao‘z qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abduxoliq bobo Boymurodov bu yil 98 yoshni qarshi oldi. Taqdirning ming bir sinovlariga bardosh bergan faxriy jangchi bugun farzandlar, nabira-yu chevaralar ardog‘ida.
– 1942 yilda urushga ketdim, – deydi A.Boymurodov. – Dastlabki tayyorgarlikdan so‘ng Stalingrad ostonasidagi janggohga olib borishdi. Ayni shu yerda jang nihoyat qattiq bo‘lyapti. Fashistlar armiyasi ham shu hududni egallashga bor kuchini sarflamoqda. Birinchi jang hech esimdan chiqmaydi. Jangga kirgan butun boshli guruh ya’ni 300 nafardan ziyod askardan atiga 10 foizi tirik qoldik va bir qishloqqa chekindik. Katta-katta bochkalarda jon saqladik necha kun. Yon atrofimizni dushman qo‘shini o‘rab olgan. Faqat daryo tomon ochiq. Undan o‘tishga urinish esa, o‘zni o‘limga otish bilan teng. Oxiri bizga qayiq jo‘natishdi. Kech payti hammamiz qayiqqa qarab yugurdik. Afsuski, dushman razvetkasi bizni payqab qoldi. Oldimizda boshqa yo‘l yo‘q edi. O‘qlar yomg‘iri ostida qayiqlarga chiqdik. O‘ng ko‘ksimdan o‘q yedim. Lekin omon qoldim. Qancha quroldoshlarim qirilib ketdi. O‘sha voqealarni eslasam hozir ham vujudim titrab ketadi. Mana bugun urush yillarida orzu qilib xayolimizga keltira olmaydigan kunlar keldi. Hamma narsa muhayyo, yoshlar erkin qush. Nabiralarimning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini eshitsam, bekorga jang qilmaganimdan faxrlanaman.
Abduxoliq bobo urush xotiralarini gapirib berar ekan, ba’zan chuqur o‘yga toladi. Hazin nafas oladi. Ko‘pligidan ismini ham bilmaydigan 3-4 yoshli chevarasini bag‘riga bosib erkalaydi. Unga boqib birdan ajin bosgan yuzlariga nim tabassum yuguradi.
– Abduxoliq bobodek Vatan qahramonlarining mahallamizda borligi butun xalqimizning qalbida faxr uyg‘otadi, – deydi Dodiq MFY raisi Mahmud Namozov. – Faqat bayramlarda emas, doim otaxonning xonadoniga kelib, holidan xabar olib, suhbatlarini eshitib ketamiz. Ayniqsa, mahallamiz yoshlarini uchrashuvlarga olib kelaman. Mustaqillik farzandlari uchun boboning hikoyalari ertakdek tuyuladi.
Rost. Mash’um urush qanchadan-qancha tinch oilalarning yostig‘ini quritdi. Qancha mart yigitlar qo‘ltiqtayoqda uyiga qaytdi. O‘zi hali nima ekanligini chuqur anglab yetmagan vatan degan tushunchani qalblariga joylab, sovuq o‘lkalarda jang qildi, jon fido qildi. Bugun mamlakatimiz taraqqiyotga yuz tutib borar ekan, ajdodlarimizning vatan ozodligi yo‘lida chekkan azoblari xotiralarda mangu qoladi.
[gallery-2334]
O‘.Barotov, J.Norqobilov(surat), O‘zA