Bugun Bayden va Zelenskiy o‘rtasida telefon muloqoti bo‘ladi
AQSH Prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga telefon qilib, Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami borishi haqida ma’lumot beradi va Mustaqillik kuni bilan tabriklaydi. Bu haqda Oq uy ma’muriyati xabar berdi.
Shu bilan birga, Vashington hozircha Baydenning Zelenskiy bilan uchrashuvi to‘g‘risida ma’lumot yo‘qligini bildirdi.
“Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Ostin Lloyd Kiyevga borishdi. U yerda bizning elchimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ukrainalik hamkorlarimiz bilan aloqalarimiz yaxshi”, deyiladi xabarda.
Chorshanba kuni Bayden Ukrainaga 2,98 milliard dollarlik harbiy yordam paketi berilishi to‘g‘risida xabar tarqalgandi.
Qo‘shma Shtatlar joriy yilning yanvar oyidan beri Ukrainaga 13,5 milliard dollarlik yordam ko‘rsatgan, 2014 yildan beri esa bunday ko‘maklarning miqdori 15,5 milliarddan ortiq bo‘lgan. Bu ma’lumotni Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Pet Rayder tarqatdi.