Bu yurt Alpomishu Barchinoylar yurtidir
Olti yoshli qizim Sabinaxon bilan televizor ko‘rib o‘tirganimizda, gimnastikachilarning birinchilikni qo‘lga kiritib, madhiyamizni kuylayotganini ko‘rib: “Men ham sportchi bo‘laman. G‘alabaga erishganimda men ham anavi opalarim singari madhiyamizni baralla kuylayman. Menga ham koptok va lenta olib bering”, deb qoldi. Ochig‘i avval, e’tibor qilmadim. Keyinchalik uning sportchi qizlarimizning bajarayotgan o‘yinlarini berilib tomosha qilib, ularga taqlid qilayotganini ko‘rganimda sportga havas uyg‘onayotganligiga amin bo‘ldim.
Farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi buyukdir. Darhaqiqat, bugun dunyoning eng rivojlangan davlatlari sportchilari ham musobaqalarda bizning sportchilarimiz bilan hisoblashmoqda. Vatanimiz yoshlari erishayotgan natijalar esa har birimizni birdek quvontiradi. Yutuq va g‘alabalarimiz zamirida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan e’tibor mujassam.
O‘zbekiston "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyati Navoiy viloyati mintaqaviy bo‘limi tomonidan yoshlarni har tomonlama jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullantirish, sportga bo‘lgan qiziqishlarni yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jamiyat tomonidan muntazam “Bolajonlar sport jamoalari” va “Yoshlik sport jamoalari”, “Quvnoq startlar”, “Umid nihollari” hamda “Futbolimiz kelajagi sening qo‘lingda” ommaviy sport tadbirlari, shuningdek, sportning qator turlaridan musobaqalar o‘tkazish orqali o‘quvchilarni ommaviy jismoniy tarbiya va sportga jalb etilishi ta’minlanmoqda.
“Quvnoq startlar” musobaqasi. Bu maktab o‘quvchilarining eng sevimli musobaqalaridan biri. Chunki u chaqqonlik va epchillikni, jamoaviy bo‘lib birgalikda bahamjihatlikda harakat qilishni talab etadi. Shu jihatdan o‘quvchi-yoshlarda ushbu musobaqa jamoaviy harakatlanish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash kabi fazilatlarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
[gallery-3066]
Joriy yilda "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"ga bag‘ishlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida "Quvnoq startlar" sport musobaqasining viloyat birinchiligida Nurota tuman jamoasi I o‘rinni, Navoiy shahar jamoasi II o‘rinni va Navbahor tumani jamoasi III o‘rinni egalladi.
bugungi kunda umumta’lim maktablari o‘quvchilari nafaqat viloyat, respublika miqyosidagi, balki xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etmoqda.
– Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘smirlari Rossiyaning Tolyatti shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro qo‘l to‘pi musobaqasida III o‘rinni egalladi, – deydi mintaqaviy bo‘lim raisi o‘rinbosari Normamat Ochilov. – Musobaqada Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston va boshqa davlatlardan jami 42 ta jamoa ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur maktab o‘quvchisi Ruxshona Ro‘ziyeva O‘zbekiston qizlar terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, III o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2 o‘quvchimiz – Akbar Hayitov va Husniddin Murodov ham 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida terma jamoa tarkibida ishtirok etib, I o‘rinni egalladi.
Rivojlangan mamlakatlardagi tengdoshlari bilan tillashuv va bellashuvga tayyor, tobora hal qiluvchi kuch darajasiga ko‘tarilayotgan yoshlarimiz ertangi kunimiz, ishonchimiz va iftixorimizdir. Ular bilan ko‘zlagan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz. Yosh sportchilarimiz esa buni dildan his qilgan holda, bildirilgan ishonchni oqlamoqda.
Yurt dovrug‘ini olamga tanitayotganlar
Yana bir xalqaro bellashuv yakunlanib, davlatimiz madhiyasi ostida bayrog‘imiz baland ko‘tarildi. Bu o‘zbek sportchisining g‘oliblik shohsupasidan joy egallaganidan dalolat.
Ha, yosh sportchilarimiz erishayotgan yuksak natijalar O‘zbekiston deb atalmish ozod va obod diyorda sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilayotganligining samarasidir.
Sportchilarimiz esa bunday yuksak e’tibordan ruhlanib, Vatanimiz sha’nini butun dunyoga yoymoqda va albatta, o‘sib kelayotgan yosh avlod hech kimdan hech qachon kam bo‘lmagani va kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotlamoqda.
Anastasiya Avyasova ana shunday iste’dodli yoshlardan. U 14 yoshda. Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabida ta’lim oladi. Anastasiya 2016 yilda Moskva shahrida, 2019 yilda esa Tailandda o‘smirlar o‘rtasida sportning “Taekwondo WTF” turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
– Men 2013 yildan buyon Navoiy shahridagi 2-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportning “Taekwondo WTF” turi bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi Anastasiya. – O‘tgan davr mobaynida mazkur sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston kubogi musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallaganman. Barcha musobaqalarda madhiyamizni kuylaganman. Chet davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘alaba qozonib, madhiyamiz yangraganda, uni ijro etganimda qalbimni shunday hayajon chulg‘ab oladi-ki, uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Sport menga ana shunday takrorlanmas onlarni hadya etdi. Bunday muvaffaqiyatga erishishimda, albatta, yurtimizda sportga berilayotgan e’tibor va mavjud shart-sharoit, qulayliklar menga kuch bag‘ishlamoqda. Boshqa sport maktablarida bo‘lgani kabi bizning BO‘SMda ham yosh sportchilarning yuqori natijalarga erishishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Kelgusida eng nufuzli xalqaro bellashuvlarda ham Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqchiman.
– 60 nafar o‘quvchi 3 guruhga bo‘lingan holda mashg‘ulotlarda ishtirok etadi, – deydi BO‘SMda sportning “Taekwondo WTF” turi bo‘yicha bosh murabbiyi Bobur Toshpo‘latov. – Shogirdlarimning orasida iqtidorli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu yerda 2010 yildan buyon faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, shogirdlarimdan Otabek Qo‘ziyev, Xumoyun Qo‘chqorov, Doston Abduqodirov, Anastasiya Avyasova, Mironshoh Karimov, Azizbek Ergashev, Aziz Zayniddinov, Murod Ziyodullayev, Sevinch Shomurodova, Mirmuhsin Shamsiddinov turli xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda Sevinch Omonova, Izzat Azamatov, Barno Tojiyeva va Temur Rustamov “Taekwondo WTF”ning pumse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Darhaqiqat, yurtimizda tashkil etilayotgan har qanday darajadagi sport musobaqalarida ishtiroki bilan har bir farzandimiz sport va jismoniy-tarbiyaga oshno tutinayapti. Sog‘lom va jismoniy barkamol yoshlarimiz safi kengaymoqda. Zero, ushbu musobaqalarda ilk bor g‘alaba nashidasini surgan o‘g‘il-qizlarimiz bugun katta sportda ham yurtimiz dovrug‘ini olamga tanitayotir.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA