Bu oddiy holat emas, bu revolyutsion holat...
Hademay 2022-2023 yangi o‘quv yili ham boshlanadi. Ustozlar, shogirdlar xayolida bir dunyo reja, katta-katta maqsadlarni ko‘zlab turishgani shubhasiz.
Sentyabr. Bundan atigi 6 yil avval hamma-hamma – professor-o‘qituvchilar ham, talabalar, litsey, kollej, hatto maktab o‘qituvchisiyu o‘quvchilari ham eng tashvishli, mashaqqatli damlar oldinda turganidan yuraklari bezillab turishi ham bor gap edi.
Sobiq ittifoq davridan qolgan an’ana – 6-7 million aholimiz, ayniqsa, maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari har yili paxta terimiga «ixtiyoriy-majburiy» safarbar qilinar edi. O‘zimiz ham talaba bo‘lganmiz. Sentyabr, oktyabr, noyabr, kezi kelsa dekabr oyida ham oxiri yo‘q dalalarda paxta terganimiz kechagidek esimda. Paxta chanoqlari tirnab tirnoqlarimiz ko‘chgani, quruq non bilan yovg‘on ichgan kunlarmiz ko‘z oldimizda hamon gavdalandi.
O‘tmish o‘z yo‘lida, bundan olti yil oldin ham sho‘rolar zamonidan qolgan derazalari romsiz-oynasiz, xonalari jihozsiz, eshik va poli yo‘q dala shiyponlariga maktab o‘quvchilari, talabalar to‘p-to‘p qilib olib borilar, qiz-o‘g‘il majburiy joylashtirilar edi.
Zax tortgan xonalarda namiqib, ustiga-ustak uzzukun egilib paxta terishdek og‘ir mehnatdan sillalar qurib ketardi. Eng achinarlisi, kimdir kasal bo‘lib qolsa, durustroq tibbiy yordam ham ko‘rsatilmasdi. Kaloriyali oziq-ovqat, issiq joy, xullas, sharoit yetishmasdi. Sog‘ligi yo‘q farzandidan ota-onasi xabar topsa, har ish kuni uchun ma’lum summani to‘lab o‘rniga boshqa bir kishini yollashi mumkin edi, xolos. Go‘yo inson qadri yo‘qdek edi.
Byudjet tashkilotlari xodimlari, ayniqsa, maktab o‘qituvchilar uchun juda qiyin davrlar edi. Kunlari asosan paxta dalalarida kechardi. Shu bois, bora-bora ta’lim sifati pasayib, yoshlarimiz fanlarni chuqurroq o‘zlashtirishdan mosuvo bo‘ldi. Yetarli ta’lim-tarbiya olmagan, vaqtida darslarni o‘zlashtirmagan o‘quvchidan ertaga kim chiqadi, degan savol hech kimni qiziqtirmasdi.
Bu kampaniyadan xususiy tadbirkorlar ham chetda qolmay, shtatidagi xodimlaridan 15 foizini terimga yuborishga majbur bo‘lganiga nima deysiz. Oliy ta’lim sohasida esa, o‘quvchi-talabalar paxtaga chiqmasa, ularning choraklik natijalari berilmaganini ham eshitganmiz. Aytish o‘rinliki, shunday paytda farzandi paxtaga chiqmagani uchun ota-onalar chaqirtirilib, mahallada muhokama qilingan kunlar ham bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, paxta yig‘im-terim kampaniyasi tomonidan respublikamiz bo‘ylab ommaviy safarbarlik e’lon qilinib, aholi turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan maishiy xizmat ob’ektlari, bozorlar yopilib eshik va darvozalari peshtoqiga «Paxta yig‘im-terimi uchun yopiq» degan yozuvlar osib qo‘yilardi, marshrut yo‘nalishlari nazoratga olinib, qandaydir davlatga yaqin yoki oylik olib ishlaydigan odam bo‘lsa bas, majburan paxtaga olib ketilardi.
Bunday tadbirlarni kuzatganlar: O‘zbekiston dunyodagi eng yirik paxta eksportyori, «oq oltin» savdosidan yiliga qariyb 1 milliard dollar daromadga ega davlat, bu manfaati yo‘lida o‘qituvchilar, o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb etilmoqda, deb jar solishardi. Bu axborotlar esa, Vatanimiz iqtisodiy imijiga yanada salbiy ta’sir qilardi. Chunki, O‘zbekiston yiliga 3-3,5 million tonna atrofida paxta xomashyosi yetishtiradi. O‘sha davrda majburiy mehnatdan foydalanish natijasida jahonning 60 ga yaqin yirik shirkatlari o‘zbek paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e’lon qilgandi. Iqtisodiyotga investitsiya jalb qilish va ishlab chiqarish uchun sarmoya kiritishga cheklovlar o‘rnatilgandi. Shu bois, mustaqillikning o‘tgan 25 yilida mamlakatimizga chet el investitsiyalari aytarlik kirib kelmadi.
Shukrki, mamlakatda so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan demokratik o‘zgarishlar, ochiqlik siyosati, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berib, paxta yig‘im-terimiga o‘quvchi va talabalarni majburiy jalb etish «odatiga» uzil-kesil chek qo‘yildi.
O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berishga 2016 yil prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tamal toshini qo‘ydi va «Paxta terimiga insonlarni majburlab olib chiqishni davlat siyosatiga xiyonat» deb baholadi.
Haqiqatan, Yangi O‘zbekistonda keng miqyosdagi paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanishni yo‘q qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, butun mamlakat bo‘yicha aholining mehnat qonunchiligi buzilishi holatlari haqida xabar qilishiga imkon beruvchi «Sall-markaz»lari tashkil etildi. Buni xalqaro ekspertlar ijobiy e’tirof etib kelmoqda.
Masalan, ishonchli ma’lumotlarga qaraganda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasiga «Sall markaz» orqali 2021 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 128 ta murojaat, veb-sayt orqali 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan. O‘tkazilgan monitoringlar natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxs jami 198 million 450 ming so‘m miq dorda ma’muriy jarima to‘lagan. Shu davrda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilib, 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga oshirilgan.
Shu bois respublikamizda har yili paxta yig‘im-terim mavsumi paytida majburiy mehnat va bolalar mehnatini aniqlash bo‘yicha Milliy monitoring ish olib bormoqda.
Shaffoflik va ochiqlik siyosati o‘laroq, jahon hamjamiyati O‘zbekistonda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmayotgani, o‘quvchi-o‘qituvchilar va boshqa davlat xizmatchilari huquqi qonun bilan kafolatlanganini e’tirof etishmoqda. Shu bois o‘tgan besh yillikda jahonning eng rivojlangan banklari, xususan, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa yirik investorlar tomonidan yurtimizga katta sarmoyalar kiritilib investitsion, integratsion va eksport muhiti yaratildi.
O‘z navbatida har yili paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha nafaqat Davlat mehnat inspeksiyasi, balki Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida jamoatchilik Milliy monitoringi, senatorlar, deputatlar, jurnalist va blogerlardan tuzilgan ishchi guruhlar va Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi faoliyat yuritib kelmoqda.
Davlatimiz tomonidan O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, uyushma paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha vazifalarni o‘z zimmasiga olib kelmoqda. Uyushma tizimida 122 dan ortiq paxta-to‘qimachilik klasterlari mavjud, ular paxta mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olmoqda. Shu maqsadda, mavsum oldidan ijro hokimiyati hamkorligida paxta terimida qatnashadigan ko‘ngilli terimchilar, terim otryadlari va otryad rahbarlari ro‘yxati shakllantirilib, elektron bazaga kiritiladi. Shartnomalar tuzilib, ularning huquqlari himoya qilinadi, moddiy rag‘batlantiriladi. Jumladan, terimchi va hasharchilarga yetarli shart-sharoit yaratish, mehnatga haq to‘lash masalalarini hal etish va aholini rozi qilishga erishilmoqda. Natijada qo‘l terimiga bo‘lgan ehtiyoj qoplanmoqda.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10 avgust kuni «Butunjahon 44-shaxmat olimpiadasi» g‘oliblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi jurnalistlar bilan ochiq muloqot chog‘ida paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga barham berilgani haqida alohida to‘xtalib: «Bu xuddiki, oddiy holat... Bu oddiy holat emas. Bu - revolyutsion holat», degan ta’riflarida real haqiqat, ulkan maqsadlar samarasi o‘z ifodasini topadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan jadal sur’atlarda olib borilayotgan bunday keng ko‘lamli demokratik, iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy, insonparvar islohotlar mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. Zero, «Inson qadri uchun» tamoyili asosida jadal rivoj topayotgan Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida yaratilayotgan huquqiy, ilmiy asoslar uzoq istiqbolli bo‘lib, hayotimiz yanada farovon bo‘lishida mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori