Bu bir kinoki, unga “Saboq“ deb nom bergimiz keldi
Bugun dunyo, insoniyat murakkab vaziyatni boshdan kechirmoqda. Ular COVUD-19 deb nom olgan virus bilan kurashmoqda.
Bugun dunyo, insoniyat murakkab vaziyatni boshdan kechirmoqda. Ular COVUD-19 deb nom olgan virus bilan kurashmoqda.
Negadir bu pandemiyaga qarshi olib borilayotgan jarayonlarni kinoga oʻxshatib, “Saboq“ deb nom bergimiz keldi.
Bu koronavirus degan dahshatli bir yovuz kuchga qarshi kurash haqidagi hayotiy voqeaga asoslangan kino. Bu kinoda hammamiz rol oʻynayapmiz. Faqat bu rolni kimdir mahorat bilan ijro etyapti, kimdir esa shunchaki kino, deb oʻylayapti. Bunda bosh qahramon va boshqa qahramonlar bor. Unda yovuz kuchga qarshi qatʼiy, tartib-intizomga asoslangan harakatlar olib boriladi. Hamma kinolardagidek, bunda ham yaxshilik va yomonlik oʻrtasida kurash boradi. Odatda kinolar oldindan yozilgan ssenariy boʻyicha boʻladi. Unda tartib buzuvchilar, paytdan foydalanib qoluvchilar, shu bilan birgalikda doim yordamga tayyor, qalbi mehr va shafqatga toʻla, fidoyi, Vatanini sevadigan insonlar bor...
Bugun barcha hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqargan holda harakat qilmoqda. Davlatimiz tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida tizimli ishlar olib borilayapti.
Prezidentimiz har bir chiqishida yurtimizdagi insonlar, oilalar, tadbirkorlar davlat eʼtiborida ekanini, ular doimo qoʻllab-quvvatlanajagini taʼkidlamoqda.
Shunday ekan, biz barchamiz oʻz vazifamizni vijdonan bajarsak, boshqa kinolardagidek, albatta, gʻalaba qozonamiz. Hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Bu aniq.
Bu bir oʻxshatish edi. Bugungi sinovli kunlar bizga koʻp narsalarni oʻrgatishi aniq. Sabr-toqat, birdamlik, mehr-oqibat, salomatlikning, vaqtning, yaqinlarning qadriga yetish, shukronalik... bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Yana kimdir oʻzi uchun boshqa xulosalarni chiqargan boʻlsa ajab emas.
Tan olish kerak, bu kurash oson boʻlmaydi.
Darvoqe, bugungi “kino“mizning bosh qahramonlari bor. Ular shubhasiz, barchamiz eʼtirof etayotganimiz — shifokorlar.
Hech kimga sir emas, qiyin damlarni boshdan oʻtkazyapmiz. Oʻylaymanki, mutaxassislarning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan holda hamjihatlik, sabr-toqat va albatta, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash orqali hammasini yengib oʻtamiz.
Kozimjon Tojiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.