Bu bayroq mangu hilpirar!
Bayroq – tiriklik mazmuni, tinchlik ramzi, umid timsoli.
Bayroq – tiriklik mazmuni, tinchlik ramzi, umid timsoli. Dunyoda har bir millat va elat borki, bayroqqa shunday ta’rif beradi.
18 noyabr Davlatimiz bayrog‘i, o‘zligimiz ramzi qabul qilingan kun. Ushbu qutlug‘ kunni mamlakatimizda katta tantana qilish an’anaga aylangan. Bu yil ham mazkur sana munosabati bilan mamlakatimiz qatorida dunyoning turli davlatlarida tadbirlar, uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.
“Bu bayroq mangu hilpirar” mavzusidagi ana shunday navbatdagi muloqot Turkiyaning Karabuk shahrida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qardosh diyorda tahsil olayotgan 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Anjumanda hozir bo‘lganlarga milliy bayrog‘imizning qabul qilinish tarixi so‘zlab berildi. Yurt bayrog‘ini baland ko‘tarib, dovrug‘ini dunyoga tanitish istagidagi yoshlar yurt bayrog‘i qadri, undagi har bir ranglar teran ildizlarimiz, milliy qadriyat va o‘zlik haqida hikoya qilishini bildirishdi.
Bugun tenglar ichida teng bo‘lmish O‘zbekiston bayrog‘i dunyoning turli davlatlarida, xalqaro tashkilot va sport musobaqalarida baland ko‘tarilmoqda.
Turkiyadagi diplomatik elchixonamiz 1993 yilda ish boshlagan. Shu kundan buyon Turkiya diyorida, mazkur elchixona binosi peshtoqida ham davlatimiz bayrog‘i hilpirab turibdi.