Braziliyada sobiq amaldor hibsga olindi
Braziliya Olimpiya qo‘mitasini 20 yildan ko‘p vaqt davomida boshqargan Karlos Artur Nuzman Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun Rio-de-Janeyroga ovoz sotib olishda ayblanib, 30 yil-u 11 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Rio-2016 tashkiliy qo‘mitasini boshqargan Nuzman korrupsiya, jinoiy tashkilotchilik, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda aybdor, deb topildi. Binobarin, 79 yoshli sobiq rahbar o‘zining barcha apellyatsiyalari ko‘rib chiqilmaguncha qamalmaydi.
Ayblanuvchining advokati hozircha bu qarorga izoh bergani yo‘q.
Sud hayati, shuningdek, Rioning sobiq gubernatori Serxio Kabral, biznesmen Artur Soares va Rio-2016 qo‘mitasi operatsiyalar bo‘yicha bosh direktori bo‘lgan Leonardo Grinerga nisbatan ham hukm o‘qidi. Tergovchilar xulosasiga ko‘ra, shu uchala mulozim va Nuzman Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi sobiq prezidenti Lamin Diak va uning o‘g‘li Papa Diakka ovoz berish uchun pora uzatishni muvofiqlashtirgan.
Bir qator ayblovlar bilan 2016 yildan beri qamoqda o‘tirgan va tergov qilinayotgan Kabral ikki yil avval Bretasga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida 6 tagacha ovoz yig‘ish evaziga 2 million dollar to‘laganini aytgan edi.
2003 yildan 2010 yilgacha Rio shtatini boshqargan Kabral XOQ a’zolaridan yana uch nafari ovozini ta’minlash maqsadida Diakning o‘g‘liga keyinroq yana 500 ming dollar qistirganini qo‘shimcha qildi.
Sudya qarorida Nuzman "Braziliya Olimpiya qo‘mitasi va xalqaro hokimiyatlar oldidagi mavqeini hisobga olgan holda jinoiy guruhni targ‘ib qilish va tashkil etish uchun asosiy mas’ullardan biri" deb belgilangan. Sudya, shuningdek, sport amaldori XOQni noqonuniy ravishda qo‘llab-quvvatlash uchun "boshqa agentlar harakatini rahbar sifatida boshqargan va muvofiqlashtirgan" dedi.
Tergov natijalari Papa Diak va Lamin Diak yashaydigan Senegal va Fransiya davlatlari rasmiylariga ham yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, Rio 2016 yilgi Olimpiadaga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritish uchun Chikago, Tokio va Madrid shaharlarini mag‘lub etgan.
(O‘tkir Alimov)