Braziliya Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini rad etdi
Braziliya Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” COVID-19 ga qarshi vaksinadan foydalanmaydigan bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi preparat to‘g‘risida yetarli ma’lumotlar yo‘qligini aytgan.
Euronews bergan ma’lumotda aytilishicha, “Anvisa” sog‘liqni nazorat qilish agentligi vaksinaning sifat nazorati, xavfsizligi va samaradorligi haqida ma’lumotlar berilmaganini ma’lum qilgan. Shuning uchun, Braziliya hukumati preparatni mamlakat hududiga olib kirmaslikka qaror qildi.
Ta’kidlash kerak, Braziliyaning o‘n to‘rtta shtatida allaqachon “Sputnik V” importi amalga oshirilgan. Qolaversa, tekshiruv missiyasi tadqiqot o‘tkazish maqsadida Rossiyaga jo‘nab ketgan edi. Biroq, olimlar preparatni ishlab chiqarishda biologik farmatsevtika mahsulotlari tarkibini aniqlay olmagan.
Braziliya dunyo bo‘yicha COVID-19 eng ko‘p qayd etilgan mamlakat sifatida AQSHdan keyingi o‘rinni egallab turibdi. Jons Xopkins universiteti bergan statistikaga ko‘ra, Braziliyada 14,3 milliondan ortiq kishi virusga chalingan, 392 mingga yaqin fuqaro vafot etgan.