Bozorlardagi narx-navoni kim belgilaydi?
Karantinning qatʼiy qoidalari ishlab chiqilgan boʻlsa-da, bu soha vakillarining uylarida oʻtirishlariga hech imkon yoʻq.
Karantinning qatʼiy qoidalari ishlab chiqilgan boʻlsa-da, bu soha vakillarining uylarida oʻtirishlariga hech imkon yoʻq. Sababi, ayni vaqtda pandemiyadan qoʻrqmay, bozorda kartoshka talashgan ayrim yurtdoshlarimiz ertaga rostakamiga “och qolib ketmasligi” uchun bu soha vakillari bugun mehnat qilishga majbur.
Ayni vaqtda bahorgi yumushlarni tashkil etish, sohadagi yangiliklar haqida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rais oʻrinbosari Abdushokir Rahimov bilan suhbatlashdik.
- Viloyatlardan kelayotgan xabarlarga eʼtibor qilsak, koʻpgina tumanlarda kooperativlar tashkil etilib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Karantin paytida bu qanchalik samara beradi?
- Yurtimizda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 tumanda bogʻdorchilik sohasida mutlaqo yangi — kooperatsiya tizimi joriy qilinmoqda, - deydi A.Rahimov. - Xorij bozorlarida oʻz tovar belgisiga ega boʻlgan eksportchilar, yirik fermerlar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida ushbu tumanlarda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperatsiyalar taklifi boʻyicha amalga oshiriladi, ular bogʻ va tokzorlarga koʻchatlarni yetkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan koʻmaklashadi.
Bu bilan biz eski bogʻlarni yangilash, iqtisodiy samara bermayotgan ekinlar oʻrniga eksportbop, xaridorgir mahsulotlar yetishtirishga erishamiz. Agar hozir intensiv bogʻ tashkil qil desak, aholi oʻz bozorini topishga, qanday nav ekish masalasida ancha qiynaladi. Shu bois yangi mexanizmni tashkil etishni boshladik.
Misol uchun, dehqonchilik yoʻnalishidagi kooperatsiya aʼzolarining har biriga 20 sotix yer va urugʻlik olishi uchun 2 million soʻmdan ortiqroq subsidiya berilmoqda. Har bir kooperatsiyada 50 nafar aʼzo boʻladi.
Dehqonchilikni boshlash uchun dastlabki sarmoya va yerga ega boʻlgan dehqonlarning mahsulotni sifatli yetishtirishdan boshqa tashvishi boʻlmaydi. Kooperatsiya boshligʻi esa hosilga xaridor topish bilan shugʻullanadi. Ayni paytda bunday tuzilmalar 100 ortiq boʻlishi kutilmoqda. Bu borada vodiy viloyatlari va Surxondaryo peshqadamlik qilmoqda.
Dunyo tajribasiga nazar solsak, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yaponiya kabi davlatlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining 100 foizi, Fransiya va Germaniyada esa 86 foizini kooperativ birlashmalar tashkil qiladi. Qozogʻistonda 2,8 mingta, Qirgʻizistonda 442 qishloq xoʻjalik birlashmasi mavjud.
- Bahor – dehqonchilikning avji pallasi. Hozir yurtimizda karantin eʼlon qilingan. Qishloq xoʻjaligida vaziyat qay ahvolda?
- Bahor nafaqat ekin ekish fasli, balki, hosil yigʻish mavsumi hamdir. Shu kunlarda, dalalardan toʻqsonbosti, yaʼni qishning toʻqson kunida tayyor boʻlgan 125 ming gektar yerdagi hosil yigʻilmoqda. Kuzda koʻkartirib olingan mahsulot barakali keladi. Xalqimiz orasida “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan hikmat bejizga aytilmagan. Kartoshka, piyoz, karam ayni yetilayotgan payt. Qashqadaryo va Surxondaryoda yigʻilgan yangi hosil yarmarkalar orqali aholiga yetkazib berilmoqda.
- Karantin munosabati bilan bozorlarda kartoshka savdosida navbatlar yuzaga keldi. Bu jarayon oʻz oʻrniga tushgan boʻlsa-da, narx-navoga maʼlum darajada oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Bozorlarimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishda uzilishlar boʻlish ehtimoli qanchalik mavjud?
- Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti boʻyicha ancha ilgʻor davlatlar qatoriga kiradi. Yurtimizda yilning barcha faslida dehqonchilik qilish imkoniyati bor. Omilkor dehqonlar yiliga uch-toʻrt marta hosil olish tajribasini egallagan. Agar kuzatgan boʻlsangiz, qishda ham savdo rastalaridan uzum, shaftoli, nok, anor kabi mevalar, oshqovoq, bodring, bulgʻor qalampiri kabilar uzilgani yoʻq. Bozorlar qishda ham yozdagi kabi toʻkin edi. Bahorning ilk mevasi qulupnayning pishganiga ham ancha boʻldi. Avvallari uning hosili aprelning oxirlarida koʻrinardi. Yaqin kunlarda Buxoro viloyatida tashkil etilgan issiqxonalarda tajriba tariqasida ekilgan ertapishar tarvuz ham pishib yetiladi. Zero, bozordagi narx-navo dehqonning omilkorligi va barakali mehnatiga bogʻliq.
Surxondaryoda esa ochiq dalalarda ekilgan kartoshka, piyoz, sarimsoqpiyoz, karamning ilk hosili bozorga chiqa boshladi. Hademay, bozorlarimiz bu mahsulotlar bilan yana-da fayzli boʻladi. Demak, bozorda yoki sotuvda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari kamayib qolish haqidagi barcha xavotirlar asossiz.
- Karantin davrida ekin-tikin ishlarida tomorqa egalari qiynalib qolmayaptimi?
- Bozorlarimizning toʻkinligi aholi yetishtirayotgan mahsulotlar turiga ham bogʻliq. Bugungi kunda 431 ming gektar yerdan tomorqa sifatida foydalanilmoqda. Koʻrinib turibdiki, aholi katta miqdorda qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtira oladi. Shu bois erta pishar ekinlar 307 ming gektarda, yaʼni 241 ming xonadonda ekilishi kutilmoqda. Shundan 26 ming xonadonga eʼtiborsizligi uchun ogohlantirish berildi. Toma-toma koʻl boʻlgani kabi har bir xonadonda yetishtirilgan mahsulot el dasturxoniga ulush boʻlib qoʻshiladi.
Hademay, ekin ishlari yakunlanadi. Yirik fermerlarimizning bu borada kam taʼminlangan xonadonlarga yordam qoʻlini choʻzayotgani tahsinga loyiqdir. Ular oʻz texnikalari bilan yerlarni shudgorlab, urugʻ qadashda koʻmak bermoqda. Hatto, Qashqadaryo viloyati “Tomorqa xizmati” korxonasi aholiga turli mevali koʻchatlarni tekinga tarqatdi. Bu ham xalqimizning mehr-oqibati namunasi.