Bozorlarda narxlar barqarorligi – e’tiborda
Yurtning tinch va to‘kinchiligini bilishni istasang uning bozoriga bor, degan so‘z bekorga aytilmagan. Hozirda dasturxonning to‘kis bo‘lishi, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslikka davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni shu maqsadda Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi Ishchi guruhi Davlatobod tumanidagi “Yashil” dehqon bozori, Namangan shahridagi “Sardoba” savdo majmuasi va “Chorsu” dehqon bozori faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganishlar davomida dehqon bozorlarining faoliyati, xususan, narx-navo barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, bugungi kunda “Yashil” dehqon bozorida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi faoliyat yuritmoqda. Bozorda jamoat xavfsizligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va narx-navosi, yaratilgan shart-sharoitlar, sanitariya holati va xizmat ko‘rsatish madaniyati doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Bozorda qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar samarali faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholiga taklif etilyapti. Xaridorlarda, ayniqsa, xorijdan keltirilgan go‘sht mahsulotlari ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Boisi, muzlatilgan holda chetdan keltirilgan bo‘lsa-da, mazasi, sifati o‘zimizning mahsulotlardan qolishmaydi, narxi esa deyarli ikki barobar arzon.
Viloyat rahbari go‘sht rastasidagi mahsulotlar saqlanishi, sifati, narxi, xaridorlar talabini o‘rgandi. Bu borada xalqimiz manfaatini ko‘zlagan holda ish tutish, aholini bugunidan rozi bo‘lib yashashi uchun, avvalo, narx-navoni barqaror ushlab turish lozimligini ta’kidladi.

“Sardoba” va “Chorsu” bozorlari viloyat markazida joylashgani uchun ham xaridorlar bilan gavjum. Ularda oziq-ovqat narxlarining asossiz oshirilishi boshqa bozorlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, viloyat rahbari arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo rastalarini ko‘paytirish, ayniqsa, go‘sht mahsulotlari narxini tushirish borasidagi ishlarni tahlil qildi.

Xususan, “Chorsu” dehqon bozorida dastlabki bosqichda raqamlashtirilgan savdo rastasidan tushumlar miqdori keskin oshgani, shuning barobarida narx-navo bir me’yorda saqlanib qolayotgani kuzatilmoqda. Qayd etilganidek, bozorlarni raqamlashtirish keng joriy etilsa, tushum oshadi, tartib va narx-navo barqaror bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, viloyat hokimi bozorlarda raqamlashtirish jarayonlarini tezroq yakunlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Aholining talab va ehtiyojlarini qondirish, mahsulot yetishmovchiligiga yo‘l qo‘ymaslik va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida bunday nazorat tadbirlari kelgusida ham davom ettiriladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.