Boyto‘pda ko‘prik qurildi
Yaqinda Samarqand viloyatining chekka hududlaridan biri– Qo‘shrabot tumanidagi “Boyto‘p” mahalla fuqarolar yig‘inida ezgu ish amalga oshirildi. Qishloqni ikki qismga ajratib turgan soy ustiga mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan eni to‘rt metr, uzunligi 32 metrlik, temir-betondan yasalgan mustahkam ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu kun boyto‘pliklar uchun chinakam bayramga aylandi. Tuman hokimi Dilshod Shakarboyev qishloq ahlini ushbu muvafaqiyat bilan tabriklab, quruvchilarga minnatdorlik bildirdi.
Bir qarashda bu oddiy hodisadek tuyulishi mumkin. Ammo uning ma’naviy va ijtimoiy ahamiyati ancha keng Chunki yillar davomida qishloq aholisi sel-suv toshqinlari tufayli qator qiyinchiliklarga duch kelar edi. Ayniqsa, bahor va yomg‘irli kunlarda bir sohildan ikkinchisiga o‘tish muammoga aylanar, bolalar maktabga, keksalar shifokorga, odamlar esa kundalik ishlariga borishda noqulaylik sezar edilar.
Ko‘prik qurilishi bilan nafaqat yo‘l qisqardi, balki odamlarning turmush tarzi ham yengillashdi.Endi qishloq aholisi vaqt va kuchini tejaydi, bolalar xavfsiz harakatlanadi, qishloqning ikki qismi o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalar yanada mustahkamlanadi.

–Eng muhimi, bu ko‘prik odamlarning birligi va ishonchidan qurildi, – deya ko‘pchilik fikrini izhor qildi tadbirda so‘zga chiqqan mahalla faoli Saydulla buva Xudoyberdiyev.–Hasharda qatnashgan har bir inson o‘z mehnati bilan umumiy ishga hissa qo‘shdi.Bu esa jamiyat taraqqiyotining eng muhim omili bo‘lgan fuqarolik mas’uliyatining yorqin namunasidir.
Tarixga nazar tashlasak, buyuk sivilizatsiyalar ham aynan hamjihatlik tufayli rivojlanganini ko‘ramiz. Qadimgi Rim ko‘priklari, Buyuk ipak yo‘lidagi karvon yo‘llari, Amir Temur davrida qurilgan muhtasham inshootlar xalqning bir maqsad yo‘lida birlashgan mehnati mahsuli bo‘lgan.Ular asrlar davomida xalqlarga xizmat qilgani kabi Boyto‘p qishlog‘idagi bu mo‘’jaz ko‘prik ham kelajak avlodlar uchun ezgulik va hamjihatlik ramzi bo‘lib qolishi, shubhasiz.
Falsafada ko‘prik tushunchasi alohida ma’no kasb etadi. U faqat ikki nuqtani bog‘lovchi vosita emas, balki kecha bilan bugunni, muammo bilan yechimni, orzu bilan voqelikni tutashtiruvchi ramzdir. Boyto‘pda qurilgan ko‘prik ham odamlarning “kimdir kelib qurib beradi” degan qarashlardan “o‘zimiz harakat qilsak, qishlog‘imizni o‘zgartirishimiz mumkin”, degan ishonchga o‘tishining amaliy ifodasidir. Binobarin, ular ko‘prik qurib berishni so‘rab yuqori idoralarga quloch-quloch xatlar yozishmadi, guruh-guruh bo‘lib sayyor qabullarga borishmadi, aksincha jimgina, bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z imkoniyatlarini ishga solib niyatlarini amalga oshirdilar.Bunda nuroniylarning, serg‘ayrat yoshlarning hissalari ayniqsa salmoqli bo‘ldi.
Bugun bu ko‘prik ustidan maktabiga chopqillab borayotgan bolalar uni oddiy inshoot sifatida qabul qilishlari mumkin. Ammo yillar o‘tib, ular bu ko‘prik ortida turgan mehnat va fidoyilikni anglab yetadilar.Chunki har qanday taraqqiyot, avvalo inson ongida boshlanadi. Ong o‘zgargan joyda tashabbus paydo bo‘ladi, tashabbus bor joyda esa taraqqiyot bo‘ladi.
Bugun Boyto‘p qishlog‘ida hashar yo‘li bilan qirilgan ko‘prikka qarab o‘yladim.Qishlog‘ingni yaxshi ko‘rish uni faqat maqtash bilangina emas, balki uning hayotini yaxshilash uchun amaliy ish qilish bilan o‘lchanadi. Ko‘prik qurgan insonlar qishlog‘ini quruq so‘z bilan emas, mehnat bilan sevish mumkinligini isbotladilar.
Norbobo Shakarov,
jurnalist.
O‘zA