Botirxon Valixo‘jayevning «Tanlangan asarlar»i nashr etildi
Mumtoz adabiyotimiz bilimdoni, fidoyi va zahmatkash olim, akademik Botirxon Valixo‘jayevning «Tanlangan asarlar»i nashr etildi.
Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, “Tanlangan asarlar”ning 1-jildida uning «Mumtoz siymolar» turkumida yaratgan bir qator tadqiqot-asarlari jamlangan.
Jumladan, «Husayniy she’riyati» nomli asarida Xuroson hukmdori (1469-1506), temuriyzoda Sulton Husayn Boyqaroning nafaqat ilm-fan va madaniyatning ulkan homiysi, balki xassos shoir, teran mushohadali adabiyotshunos ham ekani borasida so‘z yuritilsa, muallifning «Malik ul-kalom – Mavlono Lutfiy» asari turkiy adabiyotning Alisher Navoiygacha bo‘lgan eng yirik vakili, benazir shoir Mavlono Lutfiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangandir.
Ma’lumki, naqshbandiyaning ulkan namoyandasi Hoja Ahror Valiy shaxsiyati uzoq yillar, aniqrog‘i, sho‘ro mafkurasi hukm surgan davrda ilm-ma’rifatning ashaddiy dushmani sifatida qoralanib kelindi. Albatta, bunday munosabat mazkur avliyo zotga nisbatan juda katta nohaqlik edi. Botirxon Valixo‘jayevning to‘plamdan o‘rin olgan «Buyuk ma’naviy murshid» risolasi ana shu nohaqlik, noxolis munosabat ildizlarini ochib tashlagan, ilmiy dalillar bilan fosh qilgan dastlabki mukammal tadqiqot-asar sifatida dunyoga kelgan edi.
«Tanlangan asarlar»ning 2-jildida uning «Mumtoz siymolar» turkumida yaratgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan tadqiqot asarlari o‘rin olgan. Mazkur asarlarda turkiy-o‘zbek she’riyati zabardast namoyondalarining xalqimiz madaniyati va ma’naviyati shakllanishidagi buyuk xizmatlari, ularning ibratli hayoti, betakror ijodiy merosi hamda sermazmun ijtimoiy faoliyatidagi yorqin nuqtalarga tayanilgan holda teran tahliliy xulosalar orqali ochib beriladi.
«Tanlangan asarlar»ning 3-jildidan olimning «O‘zbek epik poeziyasi tarixidan» hamda «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» nomli ikkita muhim va salmoqli tadqiqot-asari o‘rin olgan. Asarlarning birida o‘zbek epik poeziyasining kelib chiqish va rivojlanish manbalari, uning turkiy, fors-tojik, hind, arab xalqlari yozma adabiyoti hamda xalq og‘zaki ijodi bilan munosabati, taraqqiyot bosqichlari va shu jarayondagi g‘oyaviy kurash kabi masalalar borasida so‘z yuritilsa, ikkinchisida o‘zbek adabiyotshunosligi tarixi ishonchli manba’lar, ilmiy dalillar asosida yoritib beriladi.
Atoqli allomaning uzoq yillik samarali izlanishlari natijasida dunyoga kelgan ushbu tadqiqot-asarlar kitobxonlarni befarq qoldirmaydi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Zilol buloq” nashriyotida chop etilgan. Unga atoqli ijodkor Orziqul Ergashev mas’ul muharrirlik qilgan. To‘plab, nashrga tayyorlovchi – Dilorom Salohiy.
Botirxon Valixo‘jayev 1932 yili 1 aprel kuni Samarqand shahrida tavallud topgan edi.
Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini bitirib, shu universitetda o‘qituvchi (1956-63), fakultet dekanining o‘rinbosari (1964-69), dekan (1971-73, 1986-88), tojik tili va adabiyoti kafedrasi (1974— 85), o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi (1985 yildan) mudiri, prorektor (1990 yildan) bo‘lib ishlagan edi.
Botirxon Valixo‘jayev ilmiy ishlari adabiyot tarixi, adabiyotshunoslik, adabiy aloqalar, tasavvuf va uning namoyandalari, Samarqand adabiy va ilmiy muhiti tarixi, Ibn Sino, Nizomiy, Jomiy, Navoiy kabi olim va mumtoz shoirlarning ijodiga bag‘ishlangan.
Atoqli olim – «O‘zbekistan adabiy-tanqidiy qarashlari tarixidan» (1960), «O‘zbek epik poeziyasi tarixidan» (1974), «Navoiy ijodi — ilhom manbai» (1991), «Hoja Ahror Valiy» (1993), «Hoja Ahror tarixi» (1994) kabi ilmiy asarlar va bir necha o‘quv qo‘llanmalar muallifi. Uning asarlari Rossiya, Afg‘oniston, Turkiya, Eron va boshqa xorijiy mamlakatlarda nashr etilgan.
N.Usmonova, O‘zA