Botir Zokirov va Sharq musiqasi
O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov benazir ijodkor edi.
O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga
U o‘zbek estrada san’atini yuksa cho‘qqiga ko‘tarib, haqqoniy ravishda dunyo e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining ushbu betakror san’atkorning 85 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarori madaniy-ma’naviy hayotimizda muhim voqeadir. Atoqli ijodkorning ijodiy merosiga yangicha yondashuv, ayniqsa, yosh xonandalar mahoratini yuksaltirishda katta rol o‘ynashi aniq.
Ha, Botir Zokirov milliy estrada san’atimizning asoschilaridan biri, u Prezidentimizning qaroriga qayd etilganidek, “zamonaviy o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk san’atkor...”. B.Zokirov ayni paytda Sharq xalqlari musiqiy san’atining bilimdoni, dunyo uzra keng targ‘ibotchilaridan edi.
...1996 yil O‘zMTRK tarkibidagi “Toshkent xalqaro radiosi”ning Sharq mamlakatlari uchun eshittirishlar tahriririyatiga ishga kirdim. Tahririyat nizomiga ko‘ra, eshittirishlar tayyorlash asnosida radio dasturlari qaysi davlatga mo‘ljallangan bo‘lsa, O‘zbekiston bilan o‘sha mamlakat o‘rtasidagi turli sohalarda, ayniqsa, adabiy-madaniy aloqalarga alohida urg‘u berilishi kerak edi.
Aynan “Botir Zokirov va Sharq musiqasi” mavzuida shu shartni inobatga olib, san’atkorning eroncha qo‘shiqlarini tinglab, eshittirish tayyorlashga kirishdim. Eron uchun eshittirishlar bo‘limining faxriysi Shavkat xonim Gudarziy, diktor (ayni vaqtda estrada xonandasi va sozanda) Boris Breyva, shuningdek, adabiyotshunos Dilbar Rashidiylar Botir Zokirovga eroncha qo‘shiqlarni tayyorlashda til va uslub jihatdan maslahat berganliklarini menga aytdi.
Men avval Ashurali Jo‘rayevning Botir Zokirov haqidagi “Yurak bo‘ronlari” kitobini mutolaa qilib, so‘ng Dilbar opaning suhbatiga musharraf bo‘ldim. Sharq adabiyotining bilimdoni D. Rashidiy Botir Zokirov har bir so‘zning talaffuziga alohida e’tibor berib, imlosini qayta-qayta takrorlab, “hifz” etganini, bu ishga jiddiy, yuksak mas’uliyat bilan yondashgani, shu tariqa ular bir necha plastinka tayyorlagani haqida mehr bilan hikoya qilib berdi. Uning aytishicha, xonanda boshqa xalqlar qo‘shiqlaridagi har bitta so‘zni to ma’nosini anglamaguncha, talaffuzini o‘xshatmaguncha ijro etmasdi.
Eshittirish efirga uzatilganidan so‘ng, chet el radiotinglovchilaridan Botir Zokirov iste’dodiga yuksak baholari ifodalangan xatlar kela boshladi. Xususan, B.Zokirovning jozibali, mayin va sehrli ovozida “Maro bebus” (“Meni o‘p”) taronasi ajoyib aks-sado, olqishlarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, B.Zokirov ijrosida “Arab tangosi”, “Orzularim mash’ali”, “O‘tmishimga yig‘layman” arabcha, “Mechali, mechali”, “Dil orzusi” hindcha, “Agar sen yonmasang” turkcha va boshqa xalq qo‘shiqlari o‘zbek taronalari bilan birga jahonning nufuzli sahnalarida yangrab, uning shuhratiga shuhrat keltirgan.
Aytishlaricha, buyuk turk adibi Nozim Hikmat uning qo‘shiqlarining shaydosi edi. Adibimiz A.Jo‘rayevning yozishicha, “1957 yil Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro yoshlar va talabalar festivalida u ilk bor “Arab tangosi”ni ijro etgan. Plastinkaga yozib olingan bu qo‘shiq yashin tezligida dunyo bo‘ylab tarqadi va uning iqtidori shinavandalari tomonidan hanuz sevib kelinadi”.
Taniqli o‘zbek bastakori, mashhur “Ra’no” qo‘shig‘i muallifi Ikrom Akbarov afg‘oncha “Ey sarbon”ni Moskvada plastinkaga yozilishiga oid quyidagilarni eslagan (Qo‘shiq san’atkor Moskva kasalxonasida muolaja olayotgan paytda yozilgan ekan): ”Ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rib yurgan kezlarda ham nuqul “ishlaylik”, derdi. Ba’zan shanba-yakshanba kunlari vrachlardan ruxsat so‘rab, uni uyimizga olib kelardik.
“Ey sarbon” qo‘shig‘i shu davrda yaratildi, U so‘z musiqa ohanglariga tushmaguncha qaytaraverardi”. “Muhabbat omadu olam digar shud” (“Muhabbat keldi-yu olam o‘zgarib ketdi”) misrasi bilan boshlanadigan tojikcha qo‘shiq ham (Ziyodulla Shahidiy kuyi) yuksak mahorat bilan ijro etilganini san’at ustalari qayd etgan. Mashrab Boboyev bejiz yozmagan: “Bir millat vakili boshqa millat san’atini o‘xshatishi qiyin, ammo Botir Zokirov “Ey sarbon”ni kuylaganida sahro mashaqqatlarini tortardingiz, farangcha qo‘shig‘ida armonlarni unutib, dikir-dikir sakrab, “Maro bebus”da bitta bo‘sa so‘rab, qon yig‘lardingiz”.
Ha, Botir Zokirov o‘ziga xos ijrochilik maktabini yaratib ketdi. U qo‘shiqlaridek nafaqat o‘zbek san’ati muxlislari qalbida, balki butun Sharq dunyosi musiqasi shaydolari yodida mangu yashaydi. San’atkor tavalludining 85-yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar, uning nomi bilan ochiladigan oliy maktab, yodgorlik majmuasi va uy-muzey, boshqa ezgu ishlar san’atkorning ijodiy merosi yanada ommaviylashiga, ayniqsa, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.
Shoqahhor Salimov, O‘zA sharhlovchisi