Botir Zaripov: buxoroliklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshmoqda (+video)
Joriy yilning 7-aprel kuni davlat rahbari boshchiligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan muhim videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda sport sohasini yanada rivojlantirish, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari sport nafaqat musobaqalar va g‘alabalar maydoni, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etuvchi muhim ijtimoiy kuch ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, sohada amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqilib, 2026-yil uchun mo‘ljallangan aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida ham sport sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, avvallari viloyatda 1 860 ta sport inshootida 23 ming nafar sportchi shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunda sport infratuzilmasi sezilarli darajada kengaydi. Xususan, sport inshootlari soni 3 574 taga yetdi, 30 ta ta’lim muassasasidagi o‘quvchi-sportchilar soni esa 48 249 nafardan oshdi.

Murabbiylar salohiyatini oshirish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Ular soni 1 045 nafardan 1 656 nafarga yetdi, shundan 1 003 nafari, ya’ni 61 foizi toifali mutaxassislar hisoblanadi. Bu esa yosh sportchilarni sifatli tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat rahbarining “Inson qadri uchun” tamoyili asosida parasportni rivojlantirishga qaratgan e’tibori natijasida bu yo‘nalishda ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, professional parasportchilar soni 184 nafardan 1 081 nafarga oshdi. Ilgari mavjud bo‘lgan 35 ta parasport seksiyasi bugungi kunda 186 ta adaptiv sport seksiyalariga aylantirildi.
Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda 4 ta sport maktabi olimpiya, 3 tasi esa parasport turlariga ixtisoslashtirildi. Shu bilan birga, mavjud sport infratuzilmalarini yaxshilashga ham katta e’tibor qaratildi. 64 ta muassasa rekonstruksiya qilinib, 21 ta yangi sport inshooti barpo etildi.
Prezident tashabbusi bilan qurilgan, qiymati 324 milliard so‘mlik “Universal” sport majmuasi bugungi kunda yirik musobaqalar markaziga aylangan. Unda 4-marta jahon, 6-marta Osiyo, 12-marta respublika chempionatlari hamda 27-marta turli darajadagi musobaqalar o‘tkazildi. Shuningdek, 52 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Buxoro mintaqaviy futbol akademiyasini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, viloyat aholisining o‘rtacha umr davomiyligi 2010-yildagi 73,7 yoshdan bugungi kunda 76,3 yoshga yetdi. Bu ko‘rsatkich sog‘lom turmush tarzining keng targ‘ib etilayotgani va sportga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
– Viloyatda sport bilan shug‘ullanadigan professional sportchilar soni o‘tgan yillarda 50 000 nafardan oshdi. Shuningdek, bugungi kunda ommaviy sport bilan shug‘ullanadigan aholimizning salmog‘i 42 foizni tashkil etmoqda. Bu esa aholimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ham oshishiga asos bo‘lmoqda. 2010-yilgacha viloyatimiz aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 76 yoshdan oshmoqda. Hozirgacha viloyatimiz bo‘ylab yuzga yaqin sport inshootlari rekonstruksiya qilindi, o‘nlab yangi sport binolari qurildi. Eng asosiy yutuqlarimizdan, buxorolik sportchilar xalqaro va nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, 111 ta medallar jamg‘armasini qo‘lga kiritdi. Bu borada ham tizimli ishlarni davom ettirmoqdamiz, – deydi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov.
Yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va amaliy qo‘llab-quvvatlash natijasida nafaqat yuqori sport natijalari, balki aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ham salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CBrGeM093KM" title="Botir Zaripov: buxoroliklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov (video), O‘zA muxbiri.