Botanika bog‘ida yangi laboratoriya faoliyatini boshladi
So‘nggi yillarda global iqlimning o‘zgarishi, cho‘l hududlarining kengayishi tufayli sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli, manzarali, mevali o‘simlik turlarini ko‘paytirish va saqlash maqsadida botanika bog‘lari olimlari oldiga ham bir talay vazifalar qo‘yildi.
Olimlar noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simliklar turlarini asrash, ularni ko‘paytirish maqsadida izlanishlar olib bormoqda.
Bunday tadqiqotlarni esa zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyasiz amalga oshirib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika huzuridagi akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘ining biotexnologiya laboratoriyasining ochilishi fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi.
Biotexnologiya laboratoriyasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti negizida tashkil etilgan bo‘lib, xodimlar dunyoning yetakchi ilmiy tashkilotlarida amaliyot o‘tagan.

Laboratoriyaning texnik bazasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021 yildan 2024 yilgacha moliyalashtirilgan “in vitro usulida dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish va tashkil etish texnologiyasini yaratish” loyihasi mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlandi, uskunalar sotib olindi.

Ta’kidlash joizki, laboratoriya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida yuqori samarali suyuq xromatograf mass-spektrometrini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ushbu uskuna dorivor o‘simliklardagi biologik faol moddalarning tarkibi, shuningdek, to‘qima kulturalarida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi.
N.Rahmonova, O‘zA.