Bosh vazir qabulxonasi tadbirkorlarga ko‘makdosh
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi va tuman hokimligi tomonidan hududda tadbirkorlar, chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlash sifati va tezkorligini oshirish, ularning qonuniy talablarini samarali ro‘yobga chiqarishning amaldagi ijrosi bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun media-tur tashkil etildi.
Dastlab xalq deputatlari tuman kengashi a’zolari, Yoshlar agentligi tuman bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tadbirkor – elga madadkor” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida yuqori natijalarga erishayotgan tadbirkorlar tomonidan yoshlarga master-klass o‘tildi. Yoshlarning murojaatlari tinglanib, ular ko‘targan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullar biriktirildi.
– Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, parrandachilik bilan shug‘ullanish niyatim bor, – deydi “Yonariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Dilhayot To‘xtamurodov. – Buning uchun mahallamizda bo‘sh yer maydoni mavjud. Shu masala bo‘yicha bildirgan takliflarim tuman Bosh vazir qabulxonasi vakillari tomonidan inobatga olindi. Tez fursatda yer ajratish bilan bog‘liq muammoni hal etiladigan bo‘lishdi.


Bir necha yillar oldin tumanning tog‘oldi hududlarida bolalar bog‘chalariga ehtiyoj ko‘p edi. Shu tufayli bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olish darajasi past bo‘lgan. Lekin tadbirkor Alisher Umirzakov “Ilg‘or”, “Qorasuvyoqa”, “Sanam” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisining murojaatlarini inobatga olib, o‘z mablag‘lari hisobidan 12 ta uy bog‘chasi tashkil etdi. Ayni damda mazkur bog‘chalarda 300 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

Tadbir ishtirokchilari Qurama tog‘ tizmalari etagida joylashgan “Sanam” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Boychechak” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tadbirkor A.Umirzakovning ta’kidlashicha, hududdagi ushbu qishloqlar aholisi uchun bolalar bog‘chasi juda zarur bo‘lgan edi. Shu sababli, 489 million so‘m miqdorida o‘z mablag‘im evaziga 12 ta uy bog‘chasi tashkil etildi. Natijada 58 nafar xotin-qizni bog‘chalar uchun tarbiyachi va yordamchi tarbiyachi sifatida ishga olindi. Ularning oylik maoshi davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya orqali to‘lab berilmoqda. To‘lovlar borasida aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida, chegirmalar yo‘lga qo‘yilgan. Ehtiyojmand hamda ikki va undan ortiq farzandi bog‘chaga boradigan oilalar uchun 30 foizlik chegirma belgilangan.
Bolajonlarning til borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida Jahon tillari universiteti o‘qituvchisi bilan shartnoma imzolangan bo‘lib, ingliz va rus tillaridan mashg‘ulotlar qiziqarli tarzda olib borilmoqda. Shuningdek, 6 ta maxsus avtomashinada uzoq masofada yashovchi oilalarning farzandlari ertalab bog‘chaga va kechki payt uylariga eltib qo‘yish ham tashkil etilgan.
Shundan so‘ng jurnalistlar 1-sektor hududidagi “ULUG` NUR” fermer xo‘jaligi tomonidan barpo etilayotgan chorvachilik kompleksida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Vazirlar Makamasining 2019 yil 23 oktyabrdagi “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur fermer xo‘jaligi loyiha bo‘yicha sut va go‘sht yo‘nalishida ming bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan.
Loyihaning umumiy qiymati 29 milliard so‘m bo‘lib, shundan 9 milliard so‘m o‘z mablag‘i, 20 milliard so‘m bank krediti hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
– Yangi chorvachilik kompleksini barpo qilish uchun yer ajratilish borasida muammolar bo‘layotgan edi, – deydi xo‘jalik rahbari Ulug‘bek Komilov. – Shu bo‘yicha Ohangaron tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga murojaat qildik. Ular tomonidan qisqa muddatda murojaatimiz ijobiy hal etilib, ushbu kompleksga ozuqa bazasini shakllantirish va yaylov uchun 905 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan edi. Shundan 184 gektarini ajratish bo‘yicha mavjud muammolar tizimli tartibda bartaraf etildi. Biz bundan xursandmiz. Hozir ob’ektda qurilish ishlari yakunlanmoqda.
Tashabbuskorlar tomonidan 2021 yilning boshida Germaniya davlatidan dastlab 400 bosh naslli qoramol olib kelinadi. Yil oxirida loyiha to‘la quvvat bilan ishga tushirilib, 50 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Navbatdagi manzil “Oybuloq” MFY hududidagi “Ohangaron sof g‘ishtlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Mazkur korxona to‘liq xorijiy sarmoya asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 6,5 million dollarga teng. Korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlaganda, kuniga 200 ming dona g‘isht ishlab chiqaradi.
Kelgusida mahsulotning 30-40 foizi eksportga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda 70 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi navbatda tumandagi ishsiz yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan.
– Xitoylik tadbirkor tomonidan zamonaviy texnologiya asosida korxona barpo qilish uchun olingan joyga tegishli hujjatlarda bo‘lgani va bu noqulayliklarni tez fursatda bartaraf qilish bo‘yicha murojaatini ko‘rib chiqdik,? – deydi tumandagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mutaxassisi Nazira Rahmonova. – Biz masalani joyiga chiqib o‘rgandik. Mutasaddilarning yer ajratilishi borasidagi hujjatlari qonuniy tartibda hal etildi. Shuningdek, malakali mahaliy tadbirkorlar ham ularga biriktirildi.
Jurnalistlar tajriba-sinov asosida korxonada olib borilayotgan ish jarayoni bilan tanishdi. Mutaxassislar bilan suhbatda energiya tejamkor maxsus pechlarda pishirilayotgan g‘ishtlarning sifatini oshirish choralari haqida so‘z yuritildi.






A.Musayev, O‘zA