Bosh qomusimiz jamiyat tayanchi
"O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar".
Konstitutsiyamizning 15-moddasida belgilangan ushbu qoidaning hayotiy ifodasini yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro o‘z turmush tarzi, ish faoliyatida ko‘rishi mumkin. Oilaviy hayotda bo‘ladimi, jamiyatdagi munosabatlardami, o‘qish va ish faoliyatidami – barchasi Konstitutsiya va u asosida yaratilgan qonunlar bilan tartibga solinadi. Bolalikdan har bir inson ongiga singdiriladigan qoidalardagi “mumkin” yoki “mumkin emas” degan so‘zlar ham shu qonunlardan kelib chiqadi. Aynan shu qoidalarni o‘zlashtirish bilan shaxsda huquqiy madaniyat shakllanadi, qonunchilik haqida tushuncha paydo bo‘ladi.
Mamlakatimiz davlat ta’lim standartlariga muvofiq, ta’limning barcha bosqichlarida o‘quvchi va talaba yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘qitiladi. Bu, avvalo, maktabgacha ta’lim muassasasida boshlanib, tarbiyalanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida ilk tushunchalar o‘rgatiladi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa 1-4-sinflarda “Konstitutsiya alifbosi” kursi o‘qitiladi. Shuningdek, atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, odobnoma hamda tarbiyaviy soat mashg‘ulotlarida Bosh qomusimizda belgilangan qoidalar haqida ma’lumot beriladi. “Konstitutsiya olamiga sayohat” kursi davomida o‘quvchilarga Konstitutsiya moddalari “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda bir qator xalqaro konvensiyalar mazmun-mohiyati bilan birga tushuntiriladi.
O‘quvchilar yuqori sinflarga o‘tgach, ularga “Davlat va huquq asoslari”, “Konstitutsiyaviy huquq asoslari”, “Huquqshunoslik” bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘tiladi.
Yuqori sinflar mashg‘ulotlarida o‘qituvchi mavzudan kelib chiqib, darslarni yoshlar hayoti, ularning huquq va manfaatlariga daxldor qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida ochiq dars tarzida, sud va huquq-tartibot idoralari xodimlari, huquqshunoslar bilan uchrashuv shaklida, shuningdek, ma’muriy organlarga sayohat, o‘quvchilar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, ko‘rik-tanlovlar uyushtirish orqali ham tashkil etishi mumkin.
Viloyatdagi maktablarda ana shu uslublardan samarali foydalanib, o‘quvchilarga Konstitutsiya va qonunlarni puxta o‘rgatayotgan o‘qituvchilar ko‘p. O‘quvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlar haqidagi bilimini mustahkamlash, ularning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlar ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bizni maktabimizda ham Konstitutsiyamizning 28 yilligi bayrami keng nishonlandi.
Bu sa’y-harakatlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning mamlakatimiz qonunchiligi haqidagi bilimi va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va majburiyatlarini anglagan jamiyatning faol a’zolari sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Nigora Nasullayeva,
Buxoro shahar 28 umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori