Bosh maqsadimiz – qonun ustuvorligini ta’minlash
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Mahmudovaning saylovchilar bilan uchrashuvi Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Prezidentlikka nomzod so‘zga chiqib, o‘z Saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Nomzod dasturida inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi alohida e’tirof etilgan.
Saylovoldi dasturda qonun ustuvorligini ta’minlash, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchi-pedagoglarning maqomini mustahkamlash hamda mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish vazifalari belgilangan.
– Jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim, – dedi R.Mahmudova. – Ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatimizni erkinlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish esa asosiy vazifalarimizdan biridir.
Nomzod fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030” dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida alohida to‘xtalib, davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi. Nomzod dasturida xotin-qizlarning jamiyat siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ayollarni davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalari hamda bo‘g‘inlariga jalb qilishga oid takliflar ilgari surilgan.
[gallery-12376]
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar nomzodning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalarni qo‘llab-quvvatlab, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA