Bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi
Andijon shahridagi Aholini kasb-hunarga o‘qitish markazida “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Migratsiya agentligi Andijon viloyati hududiy filiali tomonidan aholi, xususan yoshlar, xotin-qizlar hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni qonuniy va xavfsiz ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mehnat yarmarkasida xorijiy davlatlardagi 5 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Tadbirda Migratsiya agentligi Andijon viloyati hududiy filiali rahbari Alisher Turg‘unov mamlakatimizda mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning xorijda qonuniy, xavfsiz mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlash hamda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan uzluksiz aloqa o‘rnatish masalalari e’tiborda ekanligi qayd etildi.
Yarmarkada “Workmall”, “BestWill”, “Turon”, “Horizon Work”, “International Migration Line”, “Reiwa”, “Jobex”, “Getwork”, “Jobex”, “Interwork” singari xususiy bandlik agentliklari ishtirok etib, fuqarolarga Germaniya, Slovakiya, Bolgariya, Latviya, Litva, Polsha, Xorvatiya, Chernogoriya, Serbiya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Mongoliya davlatlaridagi 5 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Ikki kun davom etgan mehnat yarmarkasida 8 ming nafardan ziyod fuqaro, jumladan, yoshlar, xotin-qizlar, mehnat migratsiyasida bo‘lib qaytgan shaxslar, ish izlayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbir davomida Migratsiya agentligi viloyat filiali mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, ularning oila a’zolariga ko‘rsatiladigan yordamlar haqida ma’lumotlar berildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.