Bor mehrimiz senga, bolajon
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
–Bolalar haqida gap ketganda ularning salomatligi birlamchi masalalardan ekanligini unutmaslik lozim, –deydi “Adolat” SDP viloyat Kengashi matbuot kotibi Mohigul Rahimqulova. –Favqulodda holatlar sodir bo‘lganida insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar ko‘p qon yo‘qotishi natijasida ularning hayoti qil ustida bo‘lib qoladi. Bunday paytda ularga donorlarning beminnat yordami kerak bo‘ladi. Partiyamiz mana 5 yildirki, “Bor mehrimiz senga, bolajon”! shiori ostida butun Respublika bo‘ylab beg‘araz donorlik aksiyasini bir yilda ikki marotaba o‘tkazib kelmoqda. Bu yil ham an’anaga sodiq qolgan holda mazkur aksiya davom ettirildi.

Tibbiy ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab- quvatlash, bemor o‘g‘il qizlarning sog‘ayishiga ko‘maklashish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan xayrli aksiyada partiyaning viloyat Kengashi xodimlari, deputatlar, viloyat Milliy gvardiyasi, turli tashkilot xodimlari hamda ko‘ngillilar bemor bolalar hayotini saqlash uchun o‘z hissasini qo‘shdi.

Mazkur aksiya doirasida shifokorlar tomonidan aksiyada ko‘ngilli tarzda ishtirok etayotganlarga qon topshirishning foydali xususiyatlari, tartibi va talablari, uning turlari, kasaliklarning oldini olishdagi ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari