Bor mehrimiz senga, bolajon
Ko‘p yillardan buyon “Adolat” SDP siyosiy kengashi markaziy apparati tashabbusi bilan an’anaviy tarzda Respublikamiz hududlari bo‘ylab “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur donorlik aksiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad partiyaning aholi salomatligini saqlash, fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish va shu orqali tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.

Bundan tashqari, aksiya bemor insonlarga qon quyish uchun xavfsiz qonning muhimligi, donorlarining jamiyat uchun zarurligi, qolaversa, ko‘ngilli donorlarning insoniyat oldidagi xizmatlarini rag‘batlantirib borishni o‘z ichiga qamrab oladi.
Partiyaning navbatdagi beg‘araz donorlik aksiyasi joriy yilning 16 mart kuni Respublika Qon quyish markazida o‘tkazildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aksiyada 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom insonlar ko‘ngilli donor sifatida ishtirok etdi. Ular dastlab tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, shifokor tavsiyasiga binoan donor bo‘lishdek savobli ishda qatnashdi.
Sog‘lom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz shu bilan birga, foydalidir. Beg‘araz donorlik esa kimningdir salomatligi, uning hayoti uchun hadya etiladigan bebaho ne’matdir.
M.Komilova, O‘zA