Bolalik, beg‘uborlikka oshno meros
Ustoz ijodkor, atoqli shoir Hamid Olimjonning doston va she’rlari xalqchilligi, milliy merosimizga asoslanganligi, ravon tili bilan qadrlidir. Bu ijod kitobxonlarni Vatanga, tabiatga muhabbatga undashi bilan ham ahamiyatli.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida atoqli ijodkor Hamid Olimjon tavalludining 112 yilligiga bag‘ishlab “Bunda bulbul kitob o‘qiydi...” mavzusida kitobxonlik tanlovi tashkil qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Tadbirda ustoz ijodkorning asarlarini o‘rganish yoshlarda hayotga, Vatanga muhabbat, sadoqatni tarbiyalashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida Hamid Olimjon ijodidan namunalar yoshlar tomonidan o‘qib berildi. Ishtirokchilar tanlov shartlari asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Jarayon hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Tadbir yakunida tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, ular tashkiliy qo‘mitaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu kabi kitobxonlik tanlovlari yoshlarda Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilimlarni yanada yuksaltirishga, milliy adabiyotimizning durdona asarlarini keng targ‘ib etish orqali teran ma’naviyatli avlodni kamolga yetkazishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA