Bolalarni kunduzgi parvarish xizmati samara bermoqda
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 2025 yil 1 martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich mamlakatimizning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilishi belgilangan.
Ushbu ezgu tashabbus asosida Chinoz tumanidagi “Yo‘l tushgan” mahalla fuqarolar yig‘inida ham zamonaviy talablar asosida kunduzgi parvarish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda bu markaz nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

– Kunduzgi parvarishga jalb etilgan bolalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, Asal ismli qizaloq ilgari so‘zlamagan bo‘lsa-da, bugun u “gul”, “quyon”, “quyosh” kabi so‘zlarni dadil talaffuz qila oladi. Firdavs esa o‘yinchoqlardan uy yasab o‘ynashni o‘rgandi. Shukrona jismoniy mashqlarga, ayniqsa, gimnastikaga katta qiziqish bildirayotgani quvonarli hol. Markazda har bir bolaning yoshi, imkoniyati va holatidan kelib chiqib individual reja asosida parvarish va rivojlantirish ishlari olib boriladi, – deydi tarbiyachi Dilrabo Mo‘minova.

Ijtimoiy moslashuv, reabilitatsiya, ta’limiy va madaniy faoliyatlar uyg‘unligida tashkil etilgan ushbu xizmat bolalarning hayot sifatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bunday maskanlar nafaqat bolalarga, balki ularning ota-onalari uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Ilgari nogironligi bo‘lgan farzandining parvarishi bilan band bo‘lgan, biroq ishlashga intilishi bo‘lgan oilalar endi o‘z kasbiga qaytish, moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlanish imkoniga ega bo‘lmoqda. Toshkent viloyatining boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich kengaytirilayotgan ushbu xizmat tizimi, jamiyatimizda mehr, e’tibor va inklyuzivli tamoyillarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.