Bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi
Bolalar manfaatlari, ularning huquqlari ta’minlanishi davlatimiz siyosatida muhim o‘rin tutadi. Ammo, hayotda bolalarga zarar yetkazadigan, ozor beradigan kimsalar yo‘q emas. Shu bois, bolalarni, ayniqsa, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish tizimi takomillashtirildi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilova mazkur qonunning ahamiyati haqida gapirib berdi:
– 2026-yil 15-oktabrda kuchga kirgan mazkur qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, shu jumladan, jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoiy qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan yangi majburlov choralarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi doirasida qabul qilingan mazkur qonun o‘z vaqtida qabul qilinganini e’tirof etish kerak.
Chunki bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa, ularning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish holatlari uchragani xalqimizni jiddiy tashvishga solayotgan edi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya, Mehnat kodekslari hamda bir qator sohaviy qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.
Ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmasligi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlandi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmaganlar uchun qo‘shimcha protsessual kafolatlarni belgilashga oid qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtiroki ta’minlanadi. Qonuniy vakillarning ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmaganlik va ularni tarbiyalash hamda ularga ta’lim berish jarayonida zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotni taqdim etmaganlik, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini ijro etmaganlik, shuningdek bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini amalga oshirish tartibini ularni ta’lim tashkilotlari, tarbiya muassasalari va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasalarga joylashtirish bilan bog‘liq holda takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Boshqa qonun hujjatlariga voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi mexanizmlari, tazyiq va zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish, qonunchilikning ayrim qoidalarini ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining tugatilishiga muvofiqlashtirish, bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asosini belgilash, shuningdek zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarni davlat hisobidan yuridik yordam bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asosini kuchaytirdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tashkilotlarning va boshqa sohalardagi tashkilotlarning mas’uliyati oshirildi.
Umuman, qonun bolalarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, sodir etilgan holatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA