Bolalardek beg‘ubor, daryodil shoira
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq ta’limi a’lochisi, “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Umida Abduazimova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli shoir Nodir Jonuzoq, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, ustoz jurnalist Jabbor Razzoqov va boshqalar Umida Abduazimovaning samimiyati, daryodilligi uning ijodida ham o‘zining yorqin ifodasini topganini ta’kidladi.
– Ko‘plarimizga atoqli shoira Umida Abduazimovaning she’rlari bolalik davridan oshno, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. – Shoiraning she’rlarida tabarruk oila, aziz Vatan, barkamol farzandlar bosh mavzu sifatida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
– Bugun bolalar jurnalistikasi, bolalar adabiyotida katta bayram, – dedi faxriy jurnalist Jabbor Razzoqov. – Umida Abduazimovaning ijodkor sifatida tanilishida yoshlar gazetasining roli kattadir. Chunki Umidaxon hali talabalik yillaridanoq yoshlar gazetasida samarali mehnat qildi, yurtga tanildi.

– Umidaxonning she’rlarida bolalik shukuhi, bolalar xarakteri ustuvor, – dedi ustoz shoira Sharifa Salimova. – U bolalar shoiri, jurnalist, publitsist sifatida va shu bilan birga samimiy ijodkor sifatida xalq mehrini qozongan insondir.
Umida Abduazimova 1953 yili 1 iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1970-1975 yillarda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining) jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Dastlab O‘zbekiston televideniyesining “Adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar” muharririyatida ishladi. Keyinchalik “Yosh kuch”, “Ma’rifat”, “Tong yulduzi”, “G‘uncha” kabi bosma nashrlarda turli lavozimlarda faoliyatini davom ettirdi.
Uning qirqdan ortiq she’riy, nasriy to‘plamlari, maqolalari hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi biri-biridan quvnoq kitoblari chop qilingan.
Umida Abduazimovaning “Sevinchim”, “Salom, hayot”, “Qadimiy qo‘shiq”, “Oydin orzular”, “Umrim ziynati”, “Oymomo bog‘i” nomli o‘ndan ortiq she’riy va publitsistik to‘plamlari nashr etilgan.
Umida Abduazimova – O‘zbekiston Yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalarining a’zosi. Uning asarlari Qozog‘iston, Tojikiston, Belorus Respublikasi, Turkiya va Eronda e’lon qilingan. Yaqinda Qozog‘iston Respublikasi Umida Abduazimovani “Do‘stlik” medali bilan taqdirladi.
– Bugun yurtimizda ijod ahliga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi shoira Umida Abduazimova. – Bu mas’uliyatni teran his etib, ijod qilish burchimizdir.
Tadbirda Umida Abduazimova ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.
Ijodkor she’ri bilan aytiluvchi qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri