Bolalar sayyohlik bazasi ochildi
Bugun mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida tub va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Uning samaralarini tizimga daxldor barcha yo‘nalishlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni shu g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi sifatida Konstitutsiyamizning 31 yilligi bayrami arafasida Namangan viloyatida respublikamizdagi birinchi “Bolalar sayyohlik bazasi” o‘z faoliyatini boshladi.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli “Barkamol avlod” bolalar maktabi tasarrufidagi mazkur yangi muassasa ochilishida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, maorif sohasi mutasaddilari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Viloyatda yoshlar turizmini rivojlantirish, yurtimiz hududlaridagi o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, do‘stlikka xizmat qiluvchi 150 o‘ringa mo‘ljallangan maskan 7 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

– Namanganni yetakchi ta’lim markaziga aylantirish bosh maqsadimiz. Mamlakatimizda birinchi bo‘lib “Bolalar sayyohlik bazasi”ning aynan bizda qurilgani ham bejizga emas, – deydi Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov. – Baza Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan bunyod etildi. Ushbu muhtasham muassasa yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli va mazmunli o‘tkazish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, qiziqishiga qarab to‘garaklarga jalb etishda muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda viloyatda 13 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabini ta’mirlash uchun 1 milliard 400 million so‘m, jihozlash ishlariga esa 3 milliard 100 million so‘m ajratilib, mazkur muassasalarda yangi yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak a’zolari respublika tanlovlarining 147 tasida, xalqaro tanlovlarning esa 33 tasida sovrindor bo‘ldi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri