Bolalar o‘zlarini keraksizdek his qilmasin...
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 64-modda.
“Dadam aliment pulini bermayotgan ekan. Pul kelishi bilan kitob pulini darhol sizga yetkazaman ustoz”.
Farzandimni maktabga tashlab chiqarkanman qulog‘imga chalingan bu iltijo yuragimni teshib o‘tdi. Ko‘nglim g‘ash tortib ortimga o‘girildim. 8 yoshlar atrofidagi bolakay xavotir aralash o‘qituvchiga termulib turardi.
- O‘rnatilgan tartibga asosan darsliklar to‘liq to‘plamda ijaraga beriladi, - dedi o‘qituvchi Shohira Kalonova. - Nodirbekning ota-onasi o‘zaro kelishmovchiliklar tufayli ajrashib ketdi. Onasi vaqtincha ishsiz. Hukumat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilarni maktab kutubxonasi jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlash tartibi o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, Nodirbek maktab ma’muriyati tomonidan hamma darsliklar bilan bepul ta’minlangan. Ammo men unga ko‘p bor tushuntirishimga qaramay, bu sodda bola kitoblar uchun ijara pulini berayotgan o‘quvchiga ko‘zi tushsa, ruhiyati buziladi. Ota-onalarining g‘amxo‘rliklarini aytib, ular tomonidan sovg‘a qilgan buyumlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan bolalar o‘rtasida o‘zini kamsitilgandek his qiladi. Onasining so‘zlariga ko‘ra, Nodirbekning dadasi uzoq vaqtdan beri farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bosh tortib kelyapti. Pedagog sifatida Nodirbekni yaxshi tushunaman. Uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman...
Bolalarning iztiroblari bu hazilakam gap emas. Chunki inson kelajagi uning bolalik xotiralari va ko‘nikmalari asosida quriladi. Afsuski, yuzaga kelayotgan oilaviy janjallarning aksariyati kimningdir oiladan ketishi bilan yakunlanadi. Yo otadan, yoki onadan ajralish endigina hayotga kirib kelayotgan, borliqni rangli tasvirlarda ko‘radigan bolalarning ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bola tushkunlikka beriladi, o‘zini keraksizdek his qiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 13 mingga yaqin oilaviy ajrashish kuzatilgan. Eng yomoni keyin boshlanadi. Bir toifa otalar sobiq turmush o‘rtog‘ining qaramog‘iga o‘tgan farzandining na tarbiyasiga, na uning moddiy ta’minoti haqida bosh qotiradi.
Bir tanishim ikki farzandining ta’minoti uchun 300 ming so‘m aliment puli olishini aytdi. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i oliy ma’lumotli o‘qituvchi. Ammo ish haqining ma’lum qismi farzandlarining alimenti uchun ushlab qolinishi sababli ota davlat tashkilotlarida ishlashdan voz kechgan. O‘zini ishsizlar ro‘yxatiga kiritib, o‘zining boshqa kichik bizneslari bilan shug‘ullanib yuradi.
- Turmush o‘rtog‘im farzandimning ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bosh tortib yurgan edi. Oxiri uni qonun qo‘liga topshirishga majbur bo‘ldim, deya zorlanadi Majburiy ijro byurosi binosi yonida turgan boshqa bir mushtipar ayol.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, MIBning Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga joriy yilning shu davriga qadar 20 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning 30 foizga yaqinini aliment to‘lovlariga oid ishlar tashkil qiladi.
Ma’lumki, oila buzilgan va ota-onadan biri o‘z farzandi uchun moddiy ta’minot — aliment to‘lashdan bosh tortgan hollarda alohida yashovchi ota yoki onaning bola ta’minotida ishtiroki o‘ta dolzarb masalaga aylanadi. Amaldagi qonunchilik normalariga ko‘ra, aliment har bir qarzdor otaga o‘z farzandlarining ta’minoti uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishi shart bo‘lgan to‘lov turi hisoblanadi. Afsuski, shunday mas’uliyatsiz, o‘z jigarbandlarining modddiy ehtiyojlariga befarq otalar ham borki, ular aliment to‘lovini vaqtida amalga oshirishni turli vaajlar bilan kechiktirib keladi.
Farzand ulug‘ ne’matdir. Farzandlar oldidagi burchimizni vijdonan ado etmaslik adolatsizlikdir. Chunki bola taqdiri - bizning taqdirimiz. Unutmaylik, farzandning qobil yoki noqobil bo‘lishi, hatti-harakatlari, uni dunyoga keltirganlarga rahmat keltirishi ota-onaning o‘z vaqtida unga bergan tarbiyasiga, mehr-sadoqatiga, chekkan zahmatlariga bog‘liq.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA