Bolalar kontenti sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
So‘nggi yillarda yurtimizda bolalar uchun sifatli kontentlar tayyorlash, bunda milliy ruhga alohida e’tibor berishga ulkan ahamiyat qaratilmoqda.
Buning natijasida bir qancha yirik loyihalar va zalvorli kontentlar yaratildi.
Ana shunday islohotlarning izchil davomi o‘laroq, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ijrochi direktori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi:
O‘zbekistonlik yoshlar va soha mutaxassislarini animatsiya, kinematografiya, ssenariynavislik, vizual effektlar, aktyorlik hamda boshqa kreativ yo‘nalishlardagi xalqaro ta’lim dasturlariga jalb etish;
Amerikalik yetakchi rejissyor, musiqiy prodyuser va ekspertlar ishtirokida O‘zbekistonda master-klasslar, seminarlar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;
Akademik almashinuv dasturlari doirasida soha mutaxassislarining ishtirokini kengaytirish;
O‘zbekistonlik bolalar uchun ingliz tilini o‘rgatuvchi zamonaviy ta’limiy kontentlar yaratish va ularni milliy mediamaydonda ommalashtirish.
Muloqot yakunida elchi Jonatan Henik bolalar kontentini rivojlantirish borasidagi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Sherbek Islomov, O‘zA