Bolalar ijodiy ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida Yakkasaroy tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabining Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yiliga bag‘ishlangan “Ijodkor bolalar” nomli ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada o‘qituvchi-ustozlar Olga Mannakova, Shohista Rahimova va Nigora Mirsolihovalarning o‘quvchilari chizgan yuzga yaqin ijodiy ish namoyish qilinmoqda.
Yakkasaroy tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi 2011 yilda tashkil qilingan. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Yakkasaroy tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi maktabga aylantirildi. Hozir maktabda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.
Bolalarning qiziqishlari inobatga olingan holda ularning ijodiy va badiiy qobiliyatini rivojlantirish etish maqsadida maktabda 26ta turli xil to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, “Tasviriy san’at”, “To‘qish”, “Munchoqli bezak”, “Kulolchilik” va “Milliy raqs” kabi to‘garaklarga bolalarning qiziqishi katta. Shu bois ham maktabda hozir olti yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz to‘garaklarga qatnaydi. O‘quvchilarga 26 nafar mutaxassis va pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan bolalarning ijod namunalarini ixlosmandlar zavq bilan tomosha qilishmoqda.
[gallery-2842]
Gulnoza Boboyeva, O‘zA