Bolalar huquqi qonun himoyasida
Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi tomonidan aliment to‘lovchi qarzdorlar bilan doimiy profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.
Ularga aliment pulini o‘z vaqtida to‘lamaslikning huquqiy oqibatlari tushuntirilayotir. Xulosa qilmagan qarzdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilmoqda.
Jumladan, yanvar oyining o‘tgan 17 kuni mobaynida bo‘lim tomonidan 28 nafar qarzdorga nisbatan MjtKning 47/4 moddasiga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu fuqarolar umumiy hisobda o‘z farzandlari uchun 501 million 187 ming 992 so‘m miqdoridagi aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan. Ushbu fuqarolardan 15 nafari sud zalida 193 million 715 ming 241 so‘m qarzdorligini to‘lab berdi. Shu bois ularga nisbatan ochilgan ma’muriy ish yurituvi to‘xtatildi.
– Qolgan 12 nafar qarzdorlarga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, – deydi MIB Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i Alisher Toirov. – Jumladan, “Chaqar” MFY hududida yashovchi fuqaro B.G. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 23.02.2017 yildagi sud buyrug‘iga asosan 3 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashi shart bo‘lsada, shu kunga qadar biror marotaba aliment pullarini to‘lamasdan kelgan. Natijada, qarzdorlik 86 million so‘mga yetgan. Shu kuni unga nisbatan ham tegishli jazo qo‘llanildi. Kelgusida qarzdor xulosa qilmaganda, unga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA