Bolalar farovonligiga sarmoya
Joriy yilning 21–22-oktabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida «Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» mavzusidagi Jahon sammiti bo‘lib o‘tadi. Nufuzli xalqaro tadbirda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan siyosiy yetakchilar, vazirlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi ekspertlar, biznes hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, faol bolalar hamda o‘smirlar ishtirok etadi.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimi va yalpi majlislardan tashqari, xorijlik mehmonlar yurtimizda ijtimoiy soha va bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida qator sohaviy ob’ektlarga ham borishlari rejalashtirilgan.
Sammitning panel sessiyalarida bolalar farovonligini ta’minlash bilan bog‘liq eng dolzarb va strategik masalalar muhokama markazida bo‘ladi. Xususan, ishtirokchilar bolalar va oilalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, bolalar huquqlarini himoya qilish hamda ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va bolalar onkologiyasi yo‘nalishidagi muammolar, shuningdek, erta bolalikni rivojlantirish va inklyuziv ta’limni keng joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Muhim jihatlardan biri, mazkur global tadbir doirasida Ikkinchi xalqaro bolalar onkologiyasi kongressi ham o‘tkaziladi. Bu turli davlatlarning ilg‘or tajribasi, zamonaviy yondashuvlarini bir maydonda jamlab, tizimli va samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ikki kun davomida Samarqand shahri chinakam ma’noda bolalar farovonligi va kelajagi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi muloqot markaziga aylanadi.
Nufuzli sammit oldidan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio ham mazkur tadbirning ahamiyati va bolalar farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu sammit bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning farovonligini oshirish hamda kelajagi uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik va yangi strategik imkoniyatlarni muhokama qilishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA