Bolalar COVID-19 ga qarshi emlanadimi?
Guvohi bo‘layotganimizdek, yurtimizda koronavirusni yuqtirish holati bolalarda ham uchramoqda.
Ammo bolalarni nega emlanmayotgani ota-onalarda qiziqish uyg‘otmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botir Qurbonovning aytishicha, bolalar o‘rtasida ham kasallanish holatlari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, dunyo olimlari, nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalar bolalar o‘rtasida foydalanish mumkinligi hozircha tasdiqlanmagan.
Ayni paytgacha tayyor bo‘lgan yoki JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat etilgan vaksinalar bilan bolalarni emlash hozircha ko‘zda tutilmagan. Shuning uchun 1 apreldan boshlangan emlash tadbirlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashga tavsiya etilmayapti.
Shunday ekan, ota-onalardan farzandlari sog‘lig‘iga yanada e’tiborliroq bo‘lish talab etiladi. Ularning gigiyena qoidalariga amal qilishini nazoratda tutish, sport bilan shug‘ullanishini tashkillashtirish, taomnomada vitaminlarga boy bahoriy mahsulotlar bo‘lishiga ahamiyat qaratish lozim.
Mohigul Qosimova,
O‘zA