Bolalar bo‘limi aholi xizmatida
Buxoro shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida bolalar bo‘limi ish boshladi. Bolalar bo‘limida barcha mutaxassislar uchun xonalar ajratildi. Ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay sharoit yaratildi.
– Bo‘lim pediatr, immunolog, bolalar otorinolaringologi, bolalar ginekologi, bolalar nevrologi, logoped, bolalar psixonevrologi, bolalar endokrinologi va o‘smirlar shifokori hamda mos ravishda hamshiralar bilan to‘liq ta’minlandi, – deydi Buxoro shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Xushnud Jalilov. – Har bir mutaxassis xonasi amaldagi qonunchilikka muvofiq tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Kirish eshigi tashqi tomonidan xona tartib raqami va mutaxassislik nomi ko‘rsatilib, soat 08:00dan 20:00ga qadar faoliyat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bo‘lim tashkil etilishi shahrimiz ota-onalariga cheksiz quvonch bag‘ishladi. bugungi kunga qadar tibbiy xizmatga muhtoj bolajonlarimiz turli tibbiyot muassasalarida sarson bo‘lib bolalar tor soha mutaxassislari ko‘rigiga borishar edi. Endilikda bu kabi ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi.
[gallery-6941]
Bolalar bo‘limining tashkil etilishi bolalarda kasalliklarni barvaqt aniqlash, aniq tashhis qo‘yish hamda o‘z vaqtida davolash-sog‘lomlashtirish ishlarini kechiktirmasdan boshlab yuborish va asoratlarsiz samarali sog‘lomlashtirish imkoniyatini beradi.
Bu esa o‘z navbatida, kelajakda bolalar orasidagi kasallanish, nogironlik va o‘lim ko‘rsatgichlarining keskin kamayishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA