Bolalar 1- sinfga necha yoshdan boradi?
Yo‘lda beixtiyor yoshi oltmishga yaqinlashib qolgan ikki ayolning suhbatiga guvoh bo‘ldim.
–Katta nevaram 2015 yil 1 fevralda tug‘ilgan. Mahallamizdagi maktabga chiqsam, direktor «Nevarangizni bu yil o‘qishga ololmaymiz. Qonun-qoida o‘zgargan. 2021-2022 o‘quv yilidan 2014 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bolalarni olayapmiz. 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar boshlang‘ich ta’limga bir yil majburiy tayyorlanadi. Bolalar endi 1-sinfga yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi», dedi. Shundan so‘ng hech nima, deya olmay qaytib keldim, – dedi ko‘zoynak taqqan sipo ayol.
–Yo‘g‘e, bo‘lmagan gap. Sizni aldashibdi. Bunaqa qonun-qoida yo‘q.O‘zlari to‘qishgan. Bularning dardu holi pul. Pul bersangiz, olishadi. Yaxshi maktablar hozir pul bo‘lib qolgan, – deya gapni ilib ketdi yonidagi ayol. – Mening nevaram 2015 yil mayda tug‘ilgan. Hali ko‘rasiz, oldiraman. Olmaslikka haqqi yo‘q. Maktab boshlanguniga qadar 7 yoshga to‘lsa, olishi shart. Bu ularning o‘yini. Maqsadini boya aytdim-ku.
Ana shu gurungni eshitib, yozgim keldi. Birinchi ayolga to‘g‘ri aytishgan: yangi tartib-qoidani tushuntirishgan. Ikkinchi ayolning gapida ham jon bor. Chunki, darhaqiqat, burun agar bola 1 sentyabrga qadar 7 yoshga to‘lsa, maktabga olingan. “Tepa”dan qo‘ng‘iroq qilgan yoki boshqa bir yo‘lini topgan ota-onalarning bolalari 31 dekabrga qadar tug‘ilganda ham maktabga olingan hollar ko‘p bo‘lgan. Ikkinchi ayol bundan boxabar: eshitgan yo ko‘rgan. Shu uchun qat’iy gapiryapti.
Nazarimda, ko‘p ota-onalar hali yangi tartib-qoidadan bexabar ko‘rinadi. Shu uchun yana bir eslatay, dedim.
I. Nusratov, O‘zA