Bolajonlar uchun munosib tuhfa
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “Kaptarcha” nomli 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda bog‘chada 420 nafardan ortiq tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.

Mahalla ahli va ota-onalarning tashabbusi bilan “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2025-yilning ikkinchi mavsumida mazkur loyiha g‘olib deb topildi. Natijada binoning fasad qismini mukammal ta’mirlash ishlari uchun 580 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Ta’mirlash jarayonida binoga zamonaviy ko‘rinish berish maqsadida tashqi devorlar qayta tiklanib, bolalar ruhiyatiga mos yorqin va jozibador ranglarga bo‘yaldi. Shuningdek, tom qismidagi eskirgan qismlari to‘liq yangilandi.

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan muassasada “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmuratov ishtirok etib, bolajonlar hamda ularning ota-onalarini bayram bilan samimiy tabrikladi. Bolajonlarning bilimli, barkamol va Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga ishonch bildirdi.

Tadbir davomida muassasa tarbiyalanuvchilariga bayram sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bolalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri