Bolajonlar uchun munosib tuhfa
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi jig‘achilik bolajonlar ixtiyoriga yana bir zamonaviy bog‘cha topshirilishi kutilmoqda.
Ayni kunlarda Qorako‘l tumani Jig‘achi mahallasi hududidagi sobiq 30-maktabning bo‘sh turgan binolari negizida 210 o‘rinli zamonaviy Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda.
Tuman markazidan 35-40 kilometr uzoqlikda joylashgan Jig‘achi mahallasi va unga tutash hududda 1200 ga yaqin maktabgacha ta’lim yoshiga yetgan bolajonlar istiqomat qiladi. Bugungi kunda ularning 500 ga yaqini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.


“Promstroy komplekt invest injenering” qurilish korxonasi tomonidan 5,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlanayotgan mazkur zamonaviy bog‘cha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi oldidan jig‘achilik bolajonlar ixtiyoriga topshirilishi kutilmoqda.



Tumanda so‘ngi yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida, bugungi kunda bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovi 74 foizga yetdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatgichni 80 foizdan oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA