Bolajonlar shodligining chegarasi yo‘q
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida o‘tkazilgan “Prezident archasi” bayram tantanalarida oilaviy bolalar uylari, kam ta’minlangan oilalar, ota-ona qarovisiz qolgan, mustaqillik yillarida Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz barqarorligi yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, bojxona, milliy xavfsizlik va prokuratura xodimlarining farzandlari hozir bo‘ldi.
Mamlakatimizga Yangi 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili kirib kelmoqda. Barcha yurtdoshlarimiz singari jizzaxliklarning ham kayfiyati bayramona, ko‘tarinki, nigohlarida quvonch, chehralarida mamnunlik ifodasi yaqqol sezilib turibdi. Ayniqsa, bolajonlar shodligining chegarasi yo‘q.
Poyoniga yetayotgan 2022 yilda Jizzax viloyatida ham bolajonlar uchun bir qator ezgu tadbirlar uyushtirilmoqda. Jumladan, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident archasi” bayram tadbirlarining ahamiyati beqiyos. Viloyat markazida tashkil etilgan bayram tadbiri yuqori saviyada o‘tdi.
Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev Jizzax shahridagi muhtasham “Yakkasaroy” tantanalar majmuiga taklif etilgan bolajonlarni Yangi yil bilan qutlab, ularga “Prezident sovg‘alari”ni topshirdi.
[gallery-10156]
To‘kin bayram dasturxoni atrofiga jam bo‘lgan bolajonlar biri-biridan qiziqarli bayram dasturlarini, ertak qahramonlari ishtirokidagi sarguzashtlarga boy sahna ko‘rinishlarini, viloyat san’atkorlari va ijrochi yoshlarning bayram konsert dasturlarini miriqib tomosha qildilar.
Bayramona libos kiyib olgan yashil archa atrofida bolajonlar “Qorbobo”, “Qorqiz”, “Quyonjon”, “Bo‘rivoy”, “Ayiqpolvon”, “Yalmog‘iz” va boshqa ertak qahramonlari bilan maza qilib raqs tushdilar.
– Ushbu muhtasham tantanalar saroyida 300 nafar bolajonlarimiz uchun tashkil etilgan bayram tadbiri ularning yodida uzoq vaqt saqlanib qolsa ajab emas, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov. – Bundan tashqari, viloyatimizdagi barcha shahar va tumanlarda istiqomat qiluvchi oilaviy bolalar uylari, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar, ota-ona qarovisiz qolgan bolajonlar uchun ham “Prezident archasi” bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. “Prezident sovg‘alari” yana 262 nafar bolajonlarimizga tashkiliy ravishda, Yangi yil arafasida joylarga olib borib, o‘z egalariga yetkaziladi.
Jizzaxda “Prezident archasi” bayram tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA