Bo‘lajak shifokorlarga oq yo‘l tilandi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida universitet bitiruvchilari va talabalar uchun “Bitiruvchilar oqshomi” tantanali bayram dasturi tashkil etildi.
Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov onlayn tarzda so‘zga chiqib, bitiruvchilarni tabrikladi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti xalqaro darajadagi ta’lim dasturlari samarasida O‘zbekiston tibbiyot oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib “THE Impact Rankings” natijalariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi 1000 talik universitetlari qatoriga kirgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, bayram tadbirida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosarlari Rustam Qobilov va Husan To‘xtayev universitet bitiruvchilarining keyingi faoliyatida omadlar tiladi.
Bayramona tadbirning keyingi qismida Samarqand davlat tibbiyot universitetini tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Joriy yilda Samarqand davlat tibbiyot universitetini bakalavr va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 1600 ga yaqin talaba muvaffaqiyatli tamomladi.
[gallery-23997]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari